09:00 / 12.05.2019
36937

Alisher Usmonov Britaniyaning eng boy odamlari ro‘yxatidan joy oldi

Foto: RIA Novosti

The Sunday Times nashri talqiniga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning eng boy odamlari ro‘yxatiga uch rossiyalik – USM Holdings asoschisi Alisher Usmonov, Millhouse’ning asosiy egasi Roman Abramovich va “Alfa-Bank”ning eng yirik aksiyadori Mixail Fridman kiritildi. Ular ro‘yxatda yuqori o‘ntalikning so‘nggi o‘rinlarini egallashgan.

Usmonovning boyligi 11,33 mlrd funt sterlingga (14,72 mlrd dollar) baholangan, tadbirkorning davlati bir yil ichida 783 mln funt sterlingga (1,017 mlrd dollar) ko‘paygan. Avvalgi yilgi reytingdagi kabi Usmonov ro‘yxatning 8-o‘rnidan joy olgan. 2018 yil yozida Usmonov “Arsenal” futbol klubining o‘ziga tegishli 30 foiz aksiyasini amerikalik tadbirkor Sten Kronkega 550 mln funt sterlingga (714 mln dollar) sotib yuborgan va bu bitimdan 300 mln funt sterling (390 mln dollar) ishlab olgan. 

Abramovich reytingdagi pozitsiyasini yaxshilab olib, 13-o‘rindan 9-o‘ringa ko‘tarilib olgan. Uning boyligi 11,22 mlrd funt sterlingga (14,58 mlrd dollarga) baholangan. 

Ro‘yxatning 10-o‘rnidan joy olgan Mixail Fridmanning boyligi 10,9 mlrd funt sterlingga (14,17 mlrd dollar) baholangan. 

Ro‘yxatning yetakchisi o‘zgargan. Avvalgi reytingda 1-o‘rinni egallagan ser Jim Retkliff 18,66 mlrd funt sterling (24,25 mlrd dollar) bilan 3-o‘ringa tushib ketgan. 1-o‘rinni esa aka-uka Shri va Gopi Xinduja egallagan. Ular Hindija Group sanoat guruhiga egalik qilishadi.

2-o‘rinni yana bir aka-uka Devid va Saymon Ruben (18,66 mlrd funt sterling), 4-o‘rinni Len Blavatnik (14,37 mlrd funt sterling), 5-o‘rinni ser Jyeyms Dayson va oilasi (12,6 mlrd funt sterling), 6-o‘rinni opa-uka Kirsten va Yorn Rausing (12,25 mlrd funt sterling), 7-o‘rinni esa er-xotin Sharlen de Karvalo-Xeyneken va Mishel de Karvalo (12 mlrd funt sterling) egallagan.   

Aprelda Usmonov, Abramovich va Fridman Forbes nashri talqiniga ko‘ra eng boy rossiyaliklar ro‘yxatiga kiritilgandi. Biroq ular ushbu ro‘yxatda boshqacha tartibda keltirilishgan: Fridman 15 mlrd dollar bilan 7-o‘rinni, Usmonov 12,6 mlrd dollar bilan 9-o‘rinni va Abramovich 12,4 mlrd dollar bilan 10-o‘rinni egallagan.

Mavzuga oid
Top