18:00 / 12.05.2019
51573

Urgutdagi hangoma. O‘qituvchilar endi «bir oylik armiya»ga chaqirilganlarning shartnoma pulini yig‘ib berishi kerakmi?

Urgut tumanidagi maktablarning o‘qituvchilari maoshlaridan bir oylik harbiy xizmatga chaqirilganlarning kontrakti uchun pul o‘tkazib berish bo‘yicha buyruq olishgani yuzasidan murojaat qilishdi.

Ularning ma'lum qilishicha, tuman hokimi Mamatjon Turdiyev barcha maktab direktorlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazib, har bir maktab jamoasi o‘z hududidagi mahalladan harbiy xizmatga bormagan bitta yigitni topib, safarbarlik chaqiruv rezerviga (bir oylik harbiy xizmat) yuborish vazifasi topshirilgan.

Yaqin yillargacha jamiyatning eng «himoyasiz ulkan qatlami» hisoblab kelingan bu soha vakillariga o‘z vazifasidan tashqari turli yumushlar buyurilgani rost. Ammo so‘nggi yillarda majburiy mehnat, noqonuniy yig‘imlardan o‘qituvchilar anchagina xalos bo‘lgani sababli dastlab ma'lumotga shubha bilan qaradik. Ammo tahririyatimizga birin-ketin shu holatni tasdiqlovchi xabarlar kela boshladi.

Vaziyatga aniqlik kiritish uchun tumandagi bir qator maktablarda bo‘ldik. Xalq orasida bekorga «himoyasiz qatlam», deyilmas ekan. Ayrim direktorlar hokimning xuddi shu topshirig‘ini bajarayotganini ochiq-oydin bayon qilgan bo‘lsa, bir necha maktab direktorlaridan ma'lum sabablarga ko‘ra, «hech narsa deyolmayman», «men o‘sha yig‘ilishga bormagan edim», kabi javoblar ham oldik. Ammo biror direktor «bu bo‘lmagan gap», degan emas. Shu bilan birga yuqoridagi holatning bor gap ekanini, ayni vaqtda kimnidir harbiy xizmatga yuborish uchun endi o‘qituvchilardan pul yig‘ishga majbur ekanini ta'kidlaganlar ham bo‘ldi.

Biz Urgut tumani mudofaa bo‘limiga borganimiz yo‘q. Suratdagi hujjatni esa tumandagi maktab direktoridan oldik.

Urgut tuman hokimi ham, tuman xalq ta'limi bo‘limi mudiri ham ushbu maqola e'lon qilingach, «barchasi tuhmat, hammasi bekor gap» deyishi kundek ravshan.

Unda savol: maktab direktorlarining qo‘lida «Moliya vazirligining «Safarbarlik chaqiruv rezervi mablag‘lari» maxsus hisob-raqamiga badal o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi shartnoma» nima qilib «adashib» yuribdi?

Ana shu hujjatlarni bizga taqdim etgan direktorlar (maktablar raqami va suhbat audioyozuvi tahririyatda bor) navbatdagi boshog‘riqning bor gap ekanini tasdiqlab, allaqachon harbiy xizmatga chaqiriluvchi ham topishganini bildirishdi.

«Chaqiriluvchi topdik, endi uni harbiy xizmatga «agitatsiya» qilamiz. Shartnomada bitta band bor, agar chaqiriluvchi pulni to‘lamasa, kafillikka o‘tgan shaxs to‘laydi. Kafillikka esa… maktab o‘tyapti. To‘g‘ri, hokimbova bu ko‘rsatmani buyruq emas, iltimos shaklida aytmoqda. Ammo so‘nggi paytlar shu tarzda aytiladigan bo‘lib qoldi o‘zi...», deydi maktab direktorlaridan biri.

Xullas, shartnomada ko‘rsatilganidek, hokimning mazkur «iltimosi» maktab jamoasiga naq to‘rt million so‘mdan ziyodroqqa tushyapti. Albatta, bu summa o‘qituvchilarning halol oyligidan ushlab qolinadi.

Darvoqe, yana bir umumta'lim maktabining direktori o‘rinbosari rostdan ham shunday topshiriq berilganini tasdiqlar ekan, «ishdan bo‘shash haqida ariza yozsam yozamanki, bu noqonuniy buyruqni bajarmayman», deya qat'iy pozitsiyasini ma'lum qildi. Aftidan bu topshiriq, shusiz ham qator maktablarda kadrlar yetishmayotgan Urgut tumanidagi o‘qituvchilarga og‘irlik qilmoqda.

Biz mazkur masala yuzasidan tuman hokimligi va xalq ta'limi bo‘limi mutasaddilaridan izoh olishga harakat qildik. Tuman hokimligi bilan bog‘lanishning iloji topilmadi. Tuman xalq ta'lim bo‘limi mudiri G‘ayrat Abdiyev esa telefon orqali suhbatda o‘sha yig‘ilish o‘tganini inkor qilmagan holda, yig‘ilishda bunday topshiriq bo‘lmaganini bildirdi.

Xo‘p, shunday ham deylik, o‘sha yig‘ilishga maktab direktorlari nima maqsadda chaqirilgan edi. Agar bu yig‘ilishda tuman rahbariyati direktorlardan armiyaga ko‘maklashishni emas, ta'lim sifatini ko‘tarishni iltimos qilgan bo‘lsa, yig‘ilish shu maqsadda tashkil etilgan bo‘lsa ming bor tashakkur, ammo...

So‘ngso‘z o‘rnida. Bir narsaga umid qilamiz. Maqoladagi muammo aniq faktlarga asoslangan. Tuman rahbariyati tahririyatga ma'lumot yetkazuvchilarni izlash o‘rniga, haqiqatga tik boqib, o‘z vaqtida vaziyatni qo‘lga olishi kerak.

Xafa bo‘lmang, urgutlik o‘qituvchilar! Kim bilsin, hali hokimlik tashabbusi bilan bu yil hatto joriy ta'mir balosidan ham qutulib qolarsiz…

Anvar MUSTAFOQULOV,

Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top