22:08 / 14.05.2019
57976

«Bunaqasi faqat bizda bor» - 6ta qiruvchi samolyot hamrohligida uchgan Putin gipertovushli raketalari bilan maqtandi

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin mamlakatning Axtubinsk viloyatiga bordi va u yerda yangi aviatsion texnikalar bilan tanishdi. Putin havo kuchlarining operatsiyalarda qanchalik muhim ekanini ta'kidlar ekan ovoz tezligiga ega raketalar haqida gapirdi.

«Suriyadagi harbiy operatsiyalarda havo kuchlarining qanchalik muhim ekanini ko‘rdik. Ovoz tezligiga ega raketalar hozircha faqat bizda bor. Ammo boshqa katta mamlakatlarda ham yaqin yillarda bunday qurollar paydo bo‘lishi mumkin, shu bois biz o‘zimiz yaratgan quroldan himoyalanish tashvishini ham qilib qo‘yishimiz kerak.

Boshqa armiyalarda gipertovushli raketa majmualari qancha kech paydo bo‘lsa, biz uchun shuncha yaxshi. Har ehtimolga qarshi himoyalanishning ehtiyotini qilishimiz shart»,- deydi Putin.

Rossiya yetakchisi 2018 yil mamlakat federal yig‘iniga qilgan murojaatida ilk marta «Tsirkon» nomli gipertovushli raketa majmuasi haqida gapirgandi. «Tsirkon» masofadan turib boshqariladigan raketa bo‘lib, 9 max tezlikka erisha oladi va ming kilometr uzoqlikda joylashgan nishonni yo‘q qilishi mumkin.

Rossiya mudofaa vazirligi «Kinjal» nomli gipertovushli raketa majmuasining muvaffaqiyatli sinovi haqida ham e'lon qilgandi. AQSh hukumati Rossiyaning bu turdagi quroli muqobilini yaratish uchun 2,6 milliard dollar ajratmoqchi ekani ham ma'lum.

Putin Axtubinskga 6ta Su-57 qiruvchi samolyoti hamrohligida uchgan. Yangi turdagi bu uchoqlar birinchi bortni qo‘riqlab borgan. Putin parvozdan so‘ng uchuvchilar bilan gaplashishga ham ulgurdi va ularning ishini «juda qiyin» deb baholadi.

Vladimir Putin bugun AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo bilan uchrashishi va unda Venesuela hamda Erondagi voqealar haqida gaplashishi kutilmoqda.

Top