23:32 / 16.05.2019
46196

O‘zbekistondagi oilaviy ajrimlarga nima sabab bo‘layotgani ma'lum qilindi

Oila ilmiy-amaliy tadqiqot markazi statistikasiga ko‘ra, oilaviy ajrimlarning asosiy sababini er va xotinning oilaviy hayotga tayyor emasligi tashkil etmoqda. Bu haqida 15 may ─ Xalqaro oila kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan ilmiy-amaliy konferensiyada ma'lum qilindi.

Markaz tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, oilaviy ajrimlarga quyidagilar sabab bo‘lmoqda:

43,3 foiz ─ er-xotinning oilaviy hayotga tayyor emasligi;

24,5 foiz ─ moddiy yetishmovchilik;

12,6 foiz ─ xarakterlarning mos kelmasligi;

10,3 foiz ─ bir-biriga befarqlik;

5,5 foiz ─ javob berishga qiynalaman;

3,8 foiz ─ giyohvandlik va ichkilikbozlik.

Aynan yosh oilalarning buzilishiga esa 41 foiz holatlarda xarakterlarning to‘g‘ri kelmasligi, 13 foiz holatda befarzandlik, 15 foizida moddiy qiyinchiliklar, 34 foizida uchinchi shaxs aralashuvi, 25 foizida zararli odatlar sabab bo‘lgan.

Oila markazi direktor o‘rinbosari Dildora Karimovaning bayon qilishicha, mamlakatdagi real vaziyatda oiladagi farovon hayot ma'naviy-axloqiy qadriyatlar va bolalarni tarbiyalash, oiladagi qulay psixologik muhit, ta'lim, moddiy ta'minlanganlik, salomatlik holati kabi mezonlarga ko‘ra belgilanadi.

Ma'lum qilinishicha, 2019 yilning yakuniga qadar 17ta ilmiy-amaliy tadqiqot o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Xususan, xalqaro tajribani o‘rganish asosida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda oilalarni nochor ahvoldan olib chiqish bo‘yicha «AKT orqali oilalarni mustahkamlash» yangi innovatsion dasturi ishlab chiqilgan. U AKT asoslarini psixologik o‘ziga o‘zi yordam ko‘rsatish tamoyillari bilan uyg‘unlikda o‘rgatishga asoslangan.

Shuningdek, Samarqand, Xorazm, Farg‘ona va Qoraqalpog‘istonda TATU universitetining filiallari bazasida 150 nafar erkak va ayollar o‘qitildi. Kurslar natijasiga ko‘ra, ikki hafta davomida egallangan ko‘nikmalar 15 nafar tinglovchiga ishga joylashishda yordam berdi. Pilot loyiha to‘la muvaffaqiyatli amalga oshirilgach, bu kabi o‘quv dasturlarini barcha viloyat markazlarida tashkil etish rejalashtirilgan.

Respublika bo‘yicha 74ta tuman/shaharlarda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashni maqsad qiluvchi «Bo‘lg‘usi kelin-kuyovlar innovatsion maktablari» faoliyati yo‘lga qo‘yilgan, keyinchalik ularni hukumatning normativ-huquqiy hujjati orqali alohida institut sifatida yuritish ko‘zda tutilgan.

«Ommaviy axborot vositalarida oila mavzusini yoritishning dolzarb masalalari» mavsuzidagi mazkur konferensiyada oilaviy munosabatlarni etika qoidalari va qadriyatlarga asoslangan holda yoritish masalasi ko‘tarildi. Oila markazi rahbari Dilorom Toshmuhammedova jurnalistlar mavzuni yoritishda asosan negativ pozitsiyada turib qolayotgani, farovon turmush, namunali oilani ko‘rsatish masalasi nazardan chetda qolayotganini tanqid qilar ekan, media vakillariga murojaat qildi.

«Ommaviy axborot vostilarida suitsid holatlarining yoritilishini bas qilish kerak. Bu «Verter sindromi» (birovning o‘z joniga qasd qilishiga boshqalarning taqlid qilishi)ni keltirib chiqarishi mumkin. Suitsid jurnalistlarning emas, mutaxassislarning ishi. U ilmiy davralarda ilm kishilari tomonidan muhokama qilinishi va professional yondashuv asosida yechim izlanishi kerak. O‘z joniga qasd qilish haqidagi xabarlarni tarqataverib odamlarda tushkunlik va beparvolik kayfiyatini keltirib chiqarmaslik lozim. OAV vakillaridan bu nozik mavzuga qo‘l urmaslikni so‘rab qolaman», ─ deya ta'kidladi Toshmuhammedova.

Top