19:00 / 16.05.2019
23656

Top-6: Yoz uchun kimda qanday rejalar?

VVS jurnalisti Devid Ornshteyn APLda insaydlar bo‘yicha katta avtoritetga ega. Ayniqsa, «Arsenal» bilan bog‘liq xabarlarda, O‘zilning qolishi, Emerining kelishi, Remzining ketishi haqida ham ilk bor uning tvitlaridan bilishgan. Kecha u VVS efirida nafaqat «Arsenal», balki barcha ingliz top-klublari haqida ma'lumotlar berib, ularning yozda hal qilmoqchi bo‘layotgan eng muhim tezislari haqida gapirib berdi.

«MANCheSTeR SITI»

Rodrini sotib olish, Kompani masalasini aniqlashtirish, Uan-Bissaka transferi va Gundo‘g‘an bilan yangi shartnoma imzolash.

 Pep Gvardiola bugungi darajada to‘xtab turmoqchi emas va o‘zi aytganidek, yana kuchayishda davom etadi. Asosiy nishon – «Atletiko»ning 22 yoshli tayanch yarim himoyachisi Rodri Ernandes. Tabiiyki, Rodri o‘tgan mavsumlarda bu pozitsiyada yolg‘iz qolayotgan Fernandinoning o‘rnini bosishi mumkin. Ispaniyalik futbolchining shartnomasida 70 million yevro miqdoridagi tovon puli ko‘rsatilgan. Shuningdek, «Portu»dan Bruno Fernandeshni olinishi haqida xabarlar chiqdi, ammo bu haqiqatdan uzoq.

Kuchaytirilishili lozim bo‘lgan ikkinchi pozitsiya – himoya markazi. Vensan Kompani hali kelajagi borasida bir qarorga kelmadi. U jamoani tark etish ehtimoli yuqori, ammo hali uning o‘rniga biror nomzodning nomi oshkor bo‘lgani yo‘q. Shuningdek, o‘ng qanot himoyachisi Aaron Uan–Bisakka uchun ham «Manchester Yunayted» bilan kurashish rejasi bor, lekin yosh himoyachining o‘zi yana bir yil «Kristal Pelas»da qolishni ma'qul ko‘rmoqda.

Ushbu mavsumda Zinchenkoning juda yaxshi o‘yin ko‘rsatishi esa, Pepni «Lester» a'zosi Ben Chiluellga bo‘lgan qiziqishdan voz kechishga, shuningdek, doim jarohatda yuradigan Mendini sotish qaroriga undamoqda.

Ilkay Gundo‘g‘anning shartnomasi 2020 yilgacha mo‘ljallangan va yarim himoyachi bilan yangi shartnoma tuzilgancha yo‘q. Germaniyalik yarim himoyachi bu yil ham Manchesterda qoladi va shtabning asosiy vazifalaridan yana biri u bilan yangi kelishuvga imzo chekishdir. Bundan tashqari, «Siti» skautlari «Charlton»ning 22 yoshli tayanch yarim himoyachisi Jo Ariboni ham kuzatishmoqda. Futbolchi o‘tgan mavsumda 37 o‘yinda maydonga tushib, 10 gol va 3 assist muallifiga aylandi.

«LIVeRPUL»

Robersonga sherik, Starrijga o‘rinbosar topish, asosiy tarkibni saqlab qolish, ko‘p sarf qilmaslik.

O‘tgan yozni «Liverpul» juda faol o‘tkazib, 4 nafar yangi futbolchini o‘z safiga qo‘shib olgandi. Bu safar vaziyat boshqacha va klub ko‘pi bilan ikki nafar yangi futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin, xolos. Shu bilan birga, yetakchilarni osonlikcha boy bermasligiyam tayin, buni biz Koutino misolida ham ko‘rgandik.

Muhim pozitsiya chap qanot himoyasidagi Endryu Robersonga o‘rinbosar topishdir. Sababi, ba'zi o‘yinlarda uni almashtirishi mumkin bo‘lgan Alberto Moreno erkin agent sifatida jamoani tark etmoqda. Shuningdek, Natan Klaynga ham qiziqishlar bor va u ham katta ehtimol bilan Liverpulni tark etadi. Demak, Klopp har ikki qanotda ham to‘p sura oladigan himoyachi topishi va bir o‘q bilan ikki quyonni urishi mumkin. Bunday futbolchilar Kloppga yoqadi.

Bu Daniel Starrij bilan ham shu holat, uning yaxshi yillari ortda qoldi, endi asosiy tarkibdagi o‘rnini nafaqat Firmino, balki Origiga ham boy beryapti. Klub haqiqiy forvard emas, universalroq bo‘lgan va kerak bo‘lganda gol ura oladigan hujumchiga ehtiyoj sezyapti. Yulian Brandt varianti bor, ammo bu safar u Liverpulga qimmatlik qilsa kerak.

Esingizda bo‘lsa, aynan Brandt ikki yil oldin Kloppning asosiy nishoni bo‘lgan, lekin transfer amalga oshmagach, ikkinchi nomzod sifatida Muhammad Saloh olib kelingandi.

«CheLSI»

Transfer taqiqidan qutulish, Azar uchun Asensioni talab qilish, Koutino va Zaadan birini qo‘lga kiritish.

 Aslida yozga katta rejalar bilan kirib kelishi mumkin bo‘lgan «Chelsi»ga transfer taqiqi xalaqit berishi mumkin. Navbatdagi apellyatsiya «Chelsi»ga buni olti oyga kechiktirish va yozda kerakli xaridlarni amalga oshirib olish imkonini beradimi, yo‘qmi, noma'lum.

Ayniqsa, markaziy hujumchi juda ham zarur. Yana o‘sha taqiqqa borib taqaladi, agar hammasi o‘z joyida qoladigan bo‘lsa, londonliklar Olive Jiruni saqlab qolish, Mishi Bashuayi va Temmi Abrahamga navbatdagi imkoniyatni berishga urinib ko‘radi. Agar transferlar oynasini ochib berishsa, «Chelsi» Edison Kavanini sotib olishga urinib ko‘rar ekan. Urugvaylik hujumchining Neymar bilan munosabati yaxshi emas va klub uni sotmoqchi.

Azar allaqachon o‘zini «Real»da ko‘rmoqda, ammo bu yerda ham taqiq rol o‘ynaydi. Agar transfer qilish imkoni berilmasa, Marina Granovskaya bor kuchi bilan belgiyalik futbolchini olib qolishga urinadi. Agar ochiq bo‘lsa, Azarni osongina qo‘yib yuborishadi. Uning o‘rniga Filippe Koutino yoki Uilfrid Zaa variantlari ko‘rib chiqiladi. Koutinoning agenti «Chelsi» bilan juda yaqin aloqada, Zaa variantida esa, «Chelsi»ga «Tottenhem» xalaqit qilishi mumkin.

Shuningdek, Marko Asensio nomzodi ham bor. Uni Azarning transferiga qo‘shishmoqchi. Agar Eden Madridga o‘tsagina, «Real» o‘z tarbiyalanuvchisini «Chelsi»ga qo‘yib yuborishi mumkin.

«TOTTeNHEM»

Sessenonni olish, Eriksen, Alderveyreld va Vertongenni saqlab qolish, Vanyama va Dayyer uchun yaxshiroq pul olish

Ehtimol, Deniyel Levi bu safar hamyonini kavlashga majbur bo‘lsa kerak. Bir yil mobaynida hech kimni sotib olmagan Pochettino bu safar sabr qila olmasligi mumkin.

Eng birinchi transfer «Fulhem» futbolchisi Rayan Sessenon bo‘lishi kutilmoqda. 18 yoshli futbolchi bir qator top-klublar, hatto boshqa davlatlardan ham takliflarga ega, ammo u Londonda qolishni ma'qul ko‘rmoqda. Bu holatda, albatta, u bilan doimiy muloqotda bo‘lgan «Tottenhem» – favorit. Ayniqsa, «Fulhem»ning APLda qola olmagani vaziyatni yanada oydinlashtirishi tabiiy. Shuningdek, kelasi yili shartnoma muddati tugab, erkin agentga aylanadigan Rayan uchun pul olishga «Fulhem»da oxirgi imkoniyat. Transfer taxminan 25-40 millionga hal bo‘lishi mumkin.

O‘ng qanot himoyasiga esa, agar «Napoli» sovchi qo‘yayotgan Kiran Triper ketadigan bo‘lsa, 19 yoshli Maks Aarons ko‘rib chiqilmoqda. Aarons «Norvich» tarkibida ajoyib mavsum o‘tkazdi va jamoasi bilan birgalikda APL yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Aslida «Tottenhem» uchun eng og‘ir yumush, xuddi o‘tgan yilgi yoz kabi, o‘z futbolchilari bilan bog‘liq. Bir qator futbolchilarning kelasi yilda shartnomalari tugaydi. Ularning tekinga ketmasliklari uchun yo yangi shartnoma imzolanishi yoki shu yozda sotib yuborilishi kerak bo‘ladi. Klub Tobi Alderveyreld va Yan Vertongenni saqlab qolishi lozim. Shuningdek, Eriksen masalasi biroz qiyin – daniyalik futbolchi bilan ham bir yillik shartnoma muddati qolgan, xolos. U bilan yangi kelishuvga erishilishi imkoniyati bor bo‘lsa-da, unutmaslik kerakki, futbolchining shartnomasida agar «Real» yoki «Barselona»dan taklif tushsa, qo‘yib yuborilishi lozimligi ko‘zda tutilgan.  

«ARSeNAL»

«Xetafe» himoyachisini sotib olish, Nkunku va Rabodan birini qo‘lga kiritish, yoshlarni jalb qilish

Unai Emerining rejalari Yevropa Ligasi finaliga ham bog‘liq bo‘lib turibdi. Agar klub ushbu o‘yinda g‘alaba qozonsa, yangi sovrin, YeChL yo‘llanmasi, olqishlar va kattaroq transfer budjetiga ega bo‘ladi. Aks holda esa, mavsum muvaffaqiyatsiz baholanadi va maksimum 40 million funt sarflashga ruxsat tegadi.

Eng muhim pozitsiya – markaziy himoya. «Xetafe» tarkibida YeChL yo‘llanmasi uchun kurashayotgan Jyen Dakonam o‘tgan yildan beri londonliklar kuzatuvida turibdi. 27 yoshli himoyachi o‘shanda 35 millionga baholangandi, endi, shartnoma muddati kamaygani e'tibori bilan 15 million yevro atrofidagi narxga uni sotib olish mumkin bo‘ladi.

Ikkinchi pozitsiya – «boks tu boks» uslubidagi yarim himoyachi. «Arsenal» «PSJ»ga kerak bo‘lmay qolgan Kristofer Nkunku va Adriyen Rabodan birini qo‘lga kiritmoqchi bo‘lyapti. Nkunku yanvardayoq Londonga kelishi mumkin edi, Rabo masalasida esa, boshqa top-klublardan qiziqishlar, hamda futbolchining «PSJ» bilan doimiy ziddiyati o‘ylantirib qo‘ymoqda.

Shuningdek, yozda bir qator yosh futbolchilar ijaradan qaytishi va jamoa o‘z odatiga xos tarzda akademiya vakillaridan ham asosiy tarkibga nomzodlarni saralashini ham inobatga olish kerak. Emili Smit Rou, Jo Uillok, Bukano Saka va Germaniyada hammaning e'tiboriga tushgan Ris Nelson shular jumlasidandir. Bular ichida 17 yoshli Saka eng salohiyatlisi hisoblanmoqda.

«MANCheSTeR YuNAYTeD»

Kulibali va Uan-Bissakani sotib olish, Pogba masalasini hal qilish, Sanchoni ko‘ndirish

Xuddi o‘tgan yil bo‘lgani kabi, «MYu»ga markaziy himoyachi juda zarur. Kalidu Kulibaliga qiziqish katta, ammo «Napoli» juda katta narx qo‘yib tashlayapti. Hatto 150 million yevro tovon puli opsiyasini ishga tushirish uchun ham kelasi yilni kutish kerak. Balki, shuning uchun manchesterliklar boshqa iqtidorli himoyachi topishlari yoki vaqtincha tajribali himoyachini o‘z safiga qo‘shib olishga urinishlari mumkin.

Antonio Valensiya ketdi, Eshli Yang qoniqtirmayapti – klub rahbarlari o‘ng qanot himoyachi borasida ham faol izlanishdalar. Yuqorida tilga olingan Uan-Bissaka uchun «Siti» bilan raqobatlashsa ham bo‘ladi, ammo futbolchining o‘zi hech qayerga ketmoqchi emas. «MYu» Diogu Dalotning o‘sishidan umid qilishi yoki akademiyadan Itan Leyrdni jalb qilishi mumkin.

Pol Pogba sotiladigan bo‘lsa, katta pul va vazifa paydo bo‘ladi – uning o‘rnini bosish uchun kimdir kerak. Ammo bu borada hali aniq holat yo‘q.

«Yunayted» Jyeydon Sanchoni qo‘lga kiritmoqchi. Uning narxi 100 million atrofida bo‘ladi, klubda pul bor, Sanchoning o‘zi ham Angliyaga qaytishni ma'qul ko‘rmoqda. Yaqindagina bu transfer juda oson hal bo‘ladigandek tuyulgandi, ammo «MYu»ning YeChLga chiqa olmagani vaziyatni o‘zgartirdi. Sancho esa, YeChLda qatnashishni istamoqda. Ayni vaqtda u bilan Yevropaning top-klublari – «Barselona», «Real», «PSJ» va «Yuventus».

Shuningdek, Aleksis Sanches bilan ham hal qilish kerak. Bu ham muammo – jamoada u o‘ynab keta olmadi, sotish uchun esa, Sanchesning maoshi juda yuqori. Chililik futbolchi uning kamayishiga ham rozi bo‘lishi kerak.

Top