10:20 / 19.05.2019
18513

Zidan «Real»dan ketishi mumkinligini istisno etmadi

«Real» bosh murabbiyi Zinedin Zidan klubning asosiy tarkibini shakllantirish borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Klubda kim birinchi, kim ikkinchi raqamda bo‘lishini men hal qilaman. Bu mening qarorim. Agar men jamoa tarkibi bo‘yicha kerakli ishlarni amalga oshira olmasam, ketaman. Bu aniq. Boshlang‘ich tarkibda kimlar bo‘lishi, kimlar zaxira o‘rindig‘ida bo‘lishi, kimlar zayavkadan tashqarida qolishi - faqat mening qarorim bilan hal bo‘ladi.

Keylor Navas masalasida. Men u bilan nimani gaplashganimni kim biladi? Hech kim. Uning shartnomasi bor, kelajakda nima bo‘lishini ko‘ramiz. Men o‘z o‘g‘lim Lukani «Real»ning asosiy darvozaboniga aylantirmoqchiligim haqida xabar tarqaldi. Bu mish-mish. Men u klubdagi faoliyati davomida o‘zini to‘liq klubga bag‘ishlagan va o‘zini yaxshi tomondan ko‘rsatgan, deb bilaman.

Beyl ertaga «Betis»ga qarshi o‘yinda biz bilan bo‘ladi – bu masalada sizga aytishim mumkin bo‘lgani shu. Bu uning uchun oxirgi o‘yin bo‘ladimi, yo‘qmi, bilmayman. Bizni o‘zgarishlar kutmoqda. Iskoning kelajagimi? U bilan ham nimalarni gaplashib olganimni sizlarga aytmoqchi emasman. Bu shaxsiy ish. 

Biz mavsumni ijobiy notada yakunlamoqchimiz. Bu juda qiyin mavsum bo‘ldi va biz fanatlarni qayta olishimizga va ular yana biz bilan faxrlana boshlashiga ishontirmoqchimiz. Biz keyingi mavsumda barcha sovrinlarni o‘zimizniki qilishimiz haqida gapirmoqchimasman, ammo biz keyingi mavsum juda yaxshi bo‘lishi uchun juda yaxshi tayyorlanamiz», deya uning so‘zlarini keltirgan Marca. 

«Betis»ga qarshi o‘yin 19 may kuni «Santyago Bernabeu»da Toshkent vaqti bilan soat 15:00da boshlanadi.

Bundan avvalroq Marca nashri madridliklar klubi yozgi transferlar vaqtida 14 nafar futbolchi bilan xayrlashmoqchiligi, Unga ko‘ra jamoani yozda Keylor Navas, Garet Beyl, Xesus Valexo, Serxio Regilon, Teo Ernandes, Dani Sebalos, Markos Lorente, Mateo Kovachich, Xames Rodriges, Martin Edegor, Oskar Rodriges, Raul de Tomas, Borxa Mayoral va Isko tark etishi, Braim Dias, Mariano Dias hamda Lukas Vaskes esa ijaraga berib yuborilishi mumkinligi haqida xabar tarqatgandi.

Top