16:40 / 20.05.2019
13821

G‘alabani unutgan «Loko», golini ofsayd «o‘g‘irlagan» «Bunyodkor», to‘rtlikka ko‘tarilgan janubliklar - 9 jamoa gol ura olmagan 9-tur yakunlari

19 may kuni Superligada 9-tur o‘yinlari yakunlandi. Farg‘onada «Andijon»ni yirik hisobda mag‘lub etgan «Paxtakor» ikkinchi o‘rindagi «Lokomotiv» bilan farqni 5 ochkogacha uzaytirdi. Chunki «temiryo‘lchilar» ketma-ket uchinchi o‘yinda durang o‘ynab, o‘z holatlarini qiyinlashtirib qo‘yishdi. Janub jamoalari «Surxon» va «Nasaf» bu turda g‘alaba qozonib, mos ravishda uchinchi va to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilishdi. Bu turda 9 ta jamoa gol urishni eplolmadi. Quyida turning qiziqarli voqealarini eslaymiz.

«Paxtakor» yaqqol yetakchiga aylandi. Bikmayev 15 daqiqa o‘ynab, ikkita gol urdi

9-turni Farg‘onadagi «Andijon» - «Paxtakor» o‘yini boshlab berdi. «Sog‘lom avlod» stadionining yoritish tizimi talab darajasida bo‘lmagani uchun o‘yin Farg‘onadagi «Istiqlol» arenasida o‘tkazildi. «Istiqlol» stadionida Superliganing shunchalik ko‘p o‘yini o‘tkazilyaptiki, bu stadionga «Vodiy arena» deb nom bersa ham bo‘ladi. Chunki vodiydagi qaysi stadionda muammo bo‘lsa, hamma «Istiqlol»ga yugurishmoqda.

«Paxtakor» oldingi turda vodiyning boshqa jamoasi «Navbahor»ni yenga olmagan va Toshkentdagi alamli durangdan so‘ng g‘alaba o‘tida yonayotgandi. Farg‘onadagi o‘yindagi hisobga qarab, «Paxtakor» oson g‘alabaga erishdi deb bo‘lmaydi. Cheran birinchi bo‘lim yakunida penaltidan gol urib hisobni ochdi. Keyinchalik «Andijon» jiddiy qarshilik ko‘rsatdi. O‘yin oxirida esa 78-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Marat Bikmayev ikkita gol urib, masalani hal qildi.

«Lokomotiv» gol urishni unutdi, ofsayd «Bunyodkor»ning golini «o‘g‘irladi»

Amaldagi chempion «Lokomotiv» birinchi turda «Paxtakor»ga mag‘lub bo‘lgach, ketma-ket 6 o‘yinda g‘alaba qozonib, o‘z yo‘liga tushib olgandek ko‘ringandi. Ammo Chempionlar Ligasidagi muvaffaqiyatsizlik, undan keyin chempionatdagi nursiz o‘yinlar Fyodorov jamoasida muammo borligini ko‘rsatdi.

Hammasi «Qo‘qon-1912»ga qarshi o‘yinda boshlandi. O‘sha o‘yinda «Lokomotiv» g‘alabani qo‘ldan chiqargandi. Keyinchalik «Lokomotiv» Bekobodda «Metallur»ni yenga olmadi. 9-turda esa «temiryo‘lchilar» klub uchun begona bo‘lmagan murabbiy Vadim Abramovning yosh futbolchilardan iborat «Bunyodkor»ini yenga olmadi.

«Qaldirg‘ochlar» o‘yinda g‘alaba qozonishlari ham mumkin edi. 90+5-daqiqada «Bunyodkor» jarima to‘pi tepish imkoniga ega bo‘ldi. Anvar G‘ofurov to‘pni jarima maydonchasiga yetkazib berdi. «Lokomotiv» jarima maydonida taloto‘p yuzaga keldi va zaxiradan maydonga tushgan Vladislav Nuriyev gol urdi. Ammo hakam o‘yindan tashqari holat sabab golni inobatga olmadi.

Bu vaziyatda o‘yindan tashqari holat bor edi, chunki «Bunyodkor» himoyachisi Islom Qobilov ofsaydda turgan holda to‘pga tegmagan bo‘lsa-da, darvozabonning yo‘lini to‘sgandi. Shu bois hakam «Bunyodkor»ning golini inobatga olmay to‘g‘ri qildi. Abramov va Shuhrat Maqsudovning hakamga tashlanishlari esa shunchaki ehtiros sabab bo‘ldi deb qabul qilamiz.

«Nasaf» kuchli to‘rtlikda. Qarshida milliy jamoaga nomzod hujumchi o‘smoqda

Qarshining «Nasaf» klubi joriy mavsumda stabil o‘yin ko‘rsata olmayapti. Ro‘ziqul Berdiyev buni jamoada yosh futbolchilar ko‘pligi bilan izohladi. Ana shu nostabil «Nasaf» 9-turni o‘z maydonida o‘tkazib, «Qo‘qon-1912»ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi. Qarshiliklar birinchi bo‘limda gol urishga qiynalishdi. Ikkinchi bo‘limda esa «ajdarlar» ikki daqiqa ichida ikkita gol urib, g‘alaba qozonishdi. «Nasaf»ning ikkita goliga ham bir futbolchi mualliflik qildi.

Humoyun Murtazoyev «Qo‘qon-1912» bilan o‘yinda dubl qayd etib, Superligadagi gollari sonini 7 taga yetkazib oldi. O‘tgan mavsumlarni «Mash'al» bilan Pro-Ligada o‘tkazgan Humoyun ayni damda chempionatda eng ko‘p gol urgan o‘zbekistonlik futbolchi bo‘lib turibdi. To‘purarlar poygasida «Paxtakor» hujumchisi Dragan Cheran 9 ta gol bilan yetakchilik qilmoqda. Humoyunda esa 7 ta gol bor va u hamma gollarni o‘yindan urgan.

Murtazoyev Superliganing ketma-ket 5 ta o‘yinida gol urib, o‘ziga xos golli seriya qayd etdi. Bu hozircha mavsumdagi eng yaxshi ikkinchi natija. Oldinroq «Lokomotiv» hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqov ketma-ket oltita o‘yinda gol urgandi. Humoyun jamoasining oxirgi 5 ta goliga mualliflik qilgani u Berdiyevning hujumdagi yangi quroliga aylanayotganini ko‘rsatadi. Balki Kuper to‘purarlik qobiliyatini namoyish qilayotgan Humoyunni milliy jamoa yig‘inlarida sinab ko‘rar?..

«Qizilqum» hamon inqirozda. Navoiylik muxlislar raqibning golini nishonlashdi...

Navoiyning «Qizilqum» klubi 7-turda «Bunyodkor»ni yengdi, keyin Qarshida «Nasaf» bilan durang o‘ydadi va bu natijalar Navoiy jamoasida vaziyat o‘nglanayotganidan dalolat berayotgandek edi. Ammo Hamid Aktamov Qarshidagi o‘yindan keyin «Qizilqum» inqirozdan chiqib ketmaganini aytdi.

«Surxon»ga qarshi Navoiyda o‘tgan o‘yin «oltin izlovchilar»da ishlar yaxshi emasligini ko‘rsatdi. «Surxon» Navoiyda xotirjam tarzda g‘alaba qozonib ketdi va uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Navoiylik muxlislarning Hamid Aktamovga ko‘p e'tiroz bildirishlarini bilardik, lekin bu o‘yinda mahalliy muxlislarning «Qizilqum»ga nisbatan munosabati qanchalik tarang holatda ekani ko‘rindi: ular «Surxon»ning uchinchi golini nishonlab, baqirishdi. Bu vaziyat chigalligini ko‘rsatadi.

Darvoqe, bu o‘yinda «Surxon» hujumyaisi Abdulaziz Yusupov zo‘r o‘ynadi. Asosiy hujumchi Sherzod Hakimovning jarohati sabab asosiy tarkibda maydonga tushgan Abdulaziz shu kuni ikkita gol urdi. Uning ikki goli ham sof hujumchilarga xos bo‘ldi.

Qosimovning ishlari yaxshi emas...

Mirjalol Qosimov futbolimiz tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan (agar eng yaxshisi bo‘lmasa). Faoliyatini yakunlagach, uning yaxshi murabbiy ekanini ham ko‘rdik, ammo Olmaliqda Qosimovning ishlari yurishmayapti. 9-turda OKMK o‘z maydonida «So‘g‘diyona»ga imkoniyatni boy berdi. O‘yin boshida va yakunida bittadan gol urgan jizzaxliklar shu kuni yaxshi taassurot qoldirishdi. Qizig‘i, «So‘g‘diyona»ning gollariga himoyachilar mualliflik qilishdi. Avvaliga Shahboz Jo‘rabekov, keyin esa Kaxi Maxaradze gol urib, Baqoyevga «So‘g‘diyona»dagi uchinchi g‘alabani keltirishdi.

O‘yin boshlanishi oldidan OKMK sardori Jasur Hasanovga maxsus sovg‘a topshirildi. 36 yoshli Jasur O‘zbekiston chempionatlarida 400 ta va undan ortiq o‘yinda maydonga tushgan 15-futbolchi bo‘ldi. Shu munosabat bilan unga 400+ yoquvi tushirilgan maxsus futbolka topshirildi.

9-turda 9 jamoa gol ura olmadi

Bu haftada muxlislar ko‘p gol ko‘rishmadi. 9-turda faqat 5 ta jamoa gol urishni eplay oldi. 9 jamoa turni «quruq» o‘tkazdi. 3 ta o‘yinda esa muxlislar umuman gol ko‘rishmadi.

Top