20:18 / 20.05.2019
15758

Mo‘ljalda 2024 – Chempionlar Ligasini qanday o‘zgarishlar kutmoqda

Chempionlar Ligasining bu mavsumi mo‘jizalarga boy bo‘ldi. Katta ehtimol bilan uning tarixdagi eng zo‘r mavsumini ko‘rdik. Bunda yosh va shijoatli «Ayaks» asosiy qahramonga aylandi. Amsterdamliklar asosiy favoritlar – «Real» va «Yuventus»ni shafqatsizlik bilan musobaqadan tushirib yuborishdi. Bundan tashqari so‘nggi 23 yil ichida ilk marotaba finalga chiqishlari ham mumkin edi. Ammo so‘nggi soniyalarda yo‘lni «Tottenhem»ga bo‘shatib berishdi.

Moliyaviy tomondan kamtarona bo‘lgan klublarning cho‘qqiga chiqishini asta-sekin unutib ham qo‘ygan edik. So‘nggi marta bunday jasoratni «Portu» 2003/04 mavsumida ko‘rsatib, Chempionlar Ligasi g‘olibi bo‘lgan edi. Musobaqa tarixida esa «Borussiya» D, «Ayaks», «Marsel», «Tsrvena Zvezda» va hatto «Styaua» kabi klublar nufuzli sovrinni qo‘lga kirita olishgan. Bugungi kunda bunday voqeaning yuz berishini hatto tasavvur qilish qiyin. Yaqin kelajakda esa umuman iloji bo‘lmay qoladi. Sababi – UYeFA Chempionlar Ligasining yangi formatini tayyorlamoqda. Quyida «Biznes ONLINE» nashri tomonidan shu mavzuga bag‘ishlab tayyorlangan tahliliy maqolani e'tiboringizga havola qilamiz.

CheMPIONLAR LIGASIDA NIMALAR O‘ZGARADI

Ikki oy oldin eng boy va mashhur klublardan tarkib topgan Yevropa Klublari Uyushmasi (YeSA) bilan UYeFA ijro qo‘mitasi Shveytsariyaning Non shahrida to‘planib, yevrokuboklarni, birinchi navbatda Chempionlar Ligasini isloh qilish masalasini muhokama qilishdi. Kun tartibidan turnirning yopiq bo‘lishi va mukofot pullarining ko‘payishi asosiy joy egalladi.

Bir necha yil oldin top-klublar Superligani tuzish harakatini boshlab qo‘yishgan edi. Agar bu reja amalga oshsa, UYeFA qaramog‘idagi yevrokuboklarga putur yetishi, tashkilotning o‘zi esa katta daromaddan quruq qolishi mumkin edi. UYeFA uzoq vaqt davomida Superliga g‘oyasiga qarshi chiqib keldi. Ammo uning amalga oshish rejasini bartaraf qilishga ojizligini bilgach, jarayonni nazorat qilish harakatini boshladi. Natijada, top-klublar bilan murosaga kelib, Chempionlar Ligasi formatini o‘zgartirishga qaror qilindi.

«Biz kelajak uchun tamal toshini qo‘ymoqdamiz. Tez orada Chempionlar Ligasi va klublararo jahon chempionati formatida sizlarga yoqadigan o‘zgarishlar bo‘ladi. Chempionlar Ligasi – bu biznes. Uni nimaga o‘zgartiryapmiz? Chunki yanada yaxshiroq qilmoqchimiz.

Fanatlar bizdan Yevropaning eng zo‘r klublariga qarshi o‘yinlarning ko‘proq bo‘lishini talab qilishmoqda. Yangi format 2024 yildan boshlab bizga bunday imkoniyatni beradi. Oddiy misol, biz «Manchester Yunayted» bilan chorakfinalda o‘ynadik. So‘nggi bor «Kamp Nou»da bu 11 yil oldin yuz bergan edi. «Liverpul» bilan 13 yil oldin o‘ynaganmiz.

Ammo biz faqat top-klublar ishtirok etadigan yopiq turnir haqida gapirmayapmiz. Unda «Ayaks» kabi jamoalar uchun ham joy bo‘ladi. Biz evolyutsiya qilmoqchimiz, revolyutsiya emas» (Jozep Mariya Bartomeu, «Barselona» prezidenti).

Bu jarayondagi ilk qadamlar 2 yil oldin tashlandi. Dastlab, eng kuchli 5ta chempionat (Angliya, Ispaniya, Italiya, Germaniya, Fransiya) vakillariga Chempionlar Ligasi guruh bosqichidan 4ta o‘rin kafolatlandi (avvalroq, faqat uchta o‘rin edi. To‘rtinchi jamoa saralash o‘yinlarida qatnashib, ba'zan guruh bosqichiga chiqolmasdi). Tabiiyki, kamtarona bo‘lgan boshqa chempionat vakillarining turnirda ishtirok etish imkoniyatlari yanada pasaydi.

So‘nggi bir yil ichida ishlab chiqilayotgan yangi formatga binoan, 2024 yilgi mavsumdan boshlab, Yevropaning eng boy va eng yaxshi 24ta klubi ichki chempionat natijalari qanday bo‘lishidan qat'iy nazar, Chempionlar Ligasida muntazam ishtirok etishadi. UYeFAning qolgan 55ta milliy federatsiyalari uchun esa atigi 8ta o‘rin qoladi.

Musobaqaning o‘tkazilish formati ham o‘zgaradi. 8ta ishtirokchidan iborat 4ta guruh tuziladi (hozirgi vaqtda 4ta ishtirokchidan iborat 8ta guruh bor). Har bir guruhning eng yaxshi 4ta klubi pley-off yo‘llanmasiga ega bo‘ladi. Natijada, har bir klub guruh bosqichida hozirgidek 6ta emas, balki 14ta o‘yinni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Top-klublar ishtirokchidagi o‘yinlar soni oshadi, daromad ham ko‘payadi, muxlislarning musobaqaga qiziqishi ortadi. Islohotlardan asosiy maqsad ham shu.

Tanganing ikkinchi tomoni ham bor. Chempionlar Ligasida o‘yinlar sonining oshishi, ularning bir qismini dam olish kunlari o‘tkazilishiga olib kelishi mumkin. Odatda, bu kunlar milliy chempionatlar uchun qoldirilganini hisobga oladigan bo‘lsak, albatta ligalar o‘z jozibasini yo‘qotadi va daromadlarning bir qismidan ayriladi. Bir necha oy oldin bu masala biroz bo‘lsa-da muhokama qilingan edi. Hozirgi vaqtga kelib UYeFA barcha rejalar va taqvimlarni ligalarning ishtirokisiz tuzib qo‘ygan.

«2024 yilga rejalashtirilayotgan bu loyihadan xavotirdaman. Ular Chempionlar Ligasining yangi formati haqida gapirmoqda, biroq bu umuman yangi musobaqadir. Ular musobaqaga faqat 32ta jamoani kiritib, ishtirokchilarni o‘zgarmas qilmoqchi.

Primera bundan zarar ko‘rishi mumkinmi? Albatta. Yevropada 10ta kuchli jamoa bor, jumladan, «Real» va «Barselona» ham. Qolganlarning saviyasi esa past. Biz UYeFAni bu fikridan qaytarmoqchimiz. Biz strategiya ishlab chiqyapmiz va siyosatchilar bu masalada bizga yordam berishi kerak. Agar bu musobaqa joriy qilinsa, Primeradagi klublar orasida taqsimlanadigan pul kamayadi. Chunki pullarni Chempionlar Ligasiga chiqqan klublar oladi» (Xaver Tebas, La Liga rahbari).

Yangi format ko‘proq Italiya vakillariga yoqyapti. «Yuventus» moliyaviy jihatdan yanada qudratli bo‘lishni istayapti. «Milan», «Inter» va «Roma» klublari bu loyiha orqali elitaga qaytishni orzu qilishmoqda. 90-yillarda Italiya chempionati eng qiziqarli, eng zo‘r va eng boy liga edi. Yangi format Italiyani avvalgi saviyaga qaytara olmasa-da, top-klublarni qaytara oladi. O‘rtamiyona va kambag‘alarning ahvolini esa hech kimga qizig‘i yo‘q.

Ingliz klublari Chempionlar Ligasi formatini muhokama qilishda faol emas. APL – dunyoning eng boy ligasi. TV kompaniyalar uning o‘yinlarini namoyish qilishga milliardlarni to‘lamoqda. Biroq, Chempionlar Ligasi o‘yinlarini dam olish kunlariga ko‘chirilishi Angliya futbolining daromad manbai ildiziga bolta urishi ham mumkin.

BOShQA KLUBLARNI NIMA KUTMOQDA

Shubhasiz, yangi formatning joriy qilinishi oqibatida boy va kambag‘al klublar orasidagi farq ortadi. Ikkinchi eshelon ligalarining, xususan Sharqiy Yevropa mamlakatlari, Niderlandiya, Belgiya, Portugaliya kabi mamlakatlarning klublari uchun Chempionlar Ligasidagi joy qisqaradi. UYeFA ular uchun 32ta jamoadan iborat alohida musobaqani joriy qilmoqchi. Nufuzi jihatidan uchinchi o‘rinda turadigan va 64ta jamoa uchun mo‘ljallangan yana bir musobaqani tashkil qilish ham rejalashtirilmoqda. Ammo, tabiiyki, bu turnirlarda daromad yuqori bo‘lmaydi.

Albatta, klublarda Chempionlar Ligasiga chiqish imkoniyati bo‘ladi. Ammo top-klublarning moliyaviy ustunligi yangi jamoalarga elitada qolish imkoniyatini bermaydi. Bundan tashqari, o‘rtamiyonalar yaxshi futbolchilarni qo‘lga kiritishda qiynalishadi. «Ayaks» kabi mo‘jizakor klublar bo‘ladi, ammo ularning soni kamayadi. Amsterdamliklar Chempionlar Ligasiga ichki chempionatda 2-o‘rinni egallagan holda chiqqan edilar. Yangi formatda esa buning imkoniyati yo‘qoladi, raqobat esa karrasiga oshadi.

Buning ajablanarli joyi yo‘q. Futbol allaqachon bozor iqtisodiyoti munosabatlarining markazidan joy olib, katta biznesga aylangan. Demak, monopolizatsiya bu sohani ham chetlab o‘tmaydi. Top-klublar Chempionlar Ligasini monopollashtirmoqda xolos.

Yangi format hali joriy qilinmagan bo‘lsa-da, uning salbiy oqibatlari kurtak chiqara boshladi. Fransiyaning «Sent-Eten» klubi rahbari Bernar Kayatsso so‘zlariga ko‘ra, Chempionlar Ligasidagi o‘zggarishlar haqida gap-so‘zlar tarqalgach, bir necha yirik investorlar klubning elitaga chiqish imkoniyatlarini past deb baholab, hamkorlik qilishdan voz kechgan. Endi qandaydir milliarderga o‘z orzusini ro‘yobga chiqarish qiyinroq bo‘ladi. Futbol biznes bo‘lib qolaveradi. Ammo u faqat saralanganlar uchun eng yirik biznes bo‘ladi xolos.

Mavzuga oid
Top