11:48 / 22.05.2019
6369

Alisher Shodmonov Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining 72-sessiyasida so‘zga chiqdi

Shu kunlarda Jyenevada Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasining (JSSA) 72-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda dunyodagi 190dan ortiq mamlakat vakillari, jumladan, 150ga yaqin sog‘liqni saqlash vazirlari, shuningdek, yetakchi xalqaro tashkilotlar, yirik korporatsiyalar, nufuzli xalqaro jamg‘armalar va akademiyalar vakillaridan iborat uch mingga yaqin delegatlar qatorida O‘zbekiston delegatsiyasi ham qatnashmoqda.

Ushbu sessiya doirasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti etib saylandi.

Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining oliy organi bo‘lib, unda barcha a'zo davlatlarning delegatsiyalari ishtirok etadi. Uning asosiy vazifalari JSST faoliyatining muhim yo‘nalishlarini aniqlash, tashkilotning bosh direktorini tanlash, budjetni tasdiqlash va nazorat qilishdan iborat. 

«Sessiya doirasida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov so‘zga chiqib, yurtimizda sog‘liqni saqlash sohasida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Qayd etilganidek, fuqarolarni sifatli tibbiy xizmat bilan to‘liq qamrab olish masalasiga davlat siyosati darajasida e'tibor qaratilib, so‘nggi uch yil davomida tibbiyot sohasida 150dan ortiq huquqiy hujjat qabul qilindi. Bu ham bo‘lsa soha rivoji O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsan e'tiborida ekanidan dalolatdir. Jumladan, aholiga birlamchi tibbiy yordam, shoshilinch va  ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qator qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri, shuningdek, transplantologiya, kardiojarrohlik, immunoprofilaktika, xususiy tibbiyot sektorini rivojlantirish, psixiatriya, ftiziatriya va endokrinologik yordamni takomillashtirish, sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollikni qo‘llab-quvvatlash borasida erishilgan natijalar haqida ham ma'lumot berdi. Mamlakatimiz tibbiyot tizimini tubdan isloh qilishga qaratilgan  2019—2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi yig‘ilish ishtirokchilarida, ayniqsa, katta qiziqish uyg‘otdi», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Eslatib o‘tamiz, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus JSSA sessiyasi ochilish marosimidagi chiqishida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash sohasida erishgan yutuqlarni e'tirof etib, dunyoning oz sonli mamlakatlari qatorida O‘zbekiston o‘z hududida bezgakni to‘liq yo‘q qilishga erishganini alohida ta'kidlagan edi.

Sessiya shu yilning  28 mayigacha davom etadi.

Mavzuga oid
Top