16:56 / 23.05.2019
8550

Senatdagi Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasining nomi o‘zgartirildi

Foto: Ramiz Baxtiyarov

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining 2003 yil 29 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Reglamenti to‘g‘risida»gi 523–II-sonli Qonuniga quyidagi o‘zgartishlar kiritildi:

7-moddaning (Senatning qo‘mitalarini tuzish) uchinchi qismidagi (Senatda budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi, qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi, xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi, fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi, yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tuzilishi shart. Senatda boshqa qo‘mitalar ham tuzilishi mumkin) «qonunchilik va sud-huquq masalalari» degan so‘zlar «sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

32-1-moddaning (Hukumat a'zolarining o‘z faoliyatiga doir masalalar yuzasidan axborotini eshitish) to‘rtinchi qismidagi (Senat har yili O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining davlat organlari va tashkilotlarining norma ijodkorligi faoliyati va huquqni qo‘llash amaliyotining holati to‘g‘risidagi axborotini Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasida dastlabki tarzda ko‘rib chiqqan holda eshitadi) «Qonunchilik va sud-huquq masalalari» degan so‘zlar «Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish» degan so‘zlar bilan almashtirildi;

32-8-moddaning (Prokuratura organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish) to‘rtinchi qismidagi (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining hisoboti dastlabki tarzda Senatning Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi) «Qonunchilik va sud-huquq masalalari» degan so‘zlar «Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish» degan so‘zlar bilan almashtirildi.

Top