21:18 / 24.05.2019
15883

3 nafar ishtixonlik  yoshlarning jinoyatga qo‘l urishiga ishsizlik sabab bo‘lmagan!

Foto: O‘zbekiston yoshlar ittifoqi

Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida 126 ming 106 nafar aholi istiqomat qiladi. Ulardan 41 ming 330 nafarini yoshlar tashkil etadi. Hududdagi yoshlarning 8 ming 349 nafari fan, ta'lim, madaniyat, san'at va ijtimoiy sohaning turli yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ishsiz yoshlar esa 8 ming 305 nafardan iborat. Shuningdek, 467 nafar yoshlar o‘qish va ishlash maqsadida xorijga chiqib ketgan. 2018 yilda 8 ming 103 nafar yoshlarning bandligini ta'minlash maqsadida 5 ta mehnat yarmarkasi, 170 ta ochiq muloqotlar tashkil etilgan. Hozirgi kunga qadar 230 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitilayotgan bo‘lsa, 58 nafar yoshlar hunarmandchilikka jalb etilgan. 64 nafar yoshlar kasanachilik bo‘yicha faoliyat yuritadi.

O‘tkazilgan mehnat yarmarkalari orqali 52 nafar ishsiz yoshlar bandligi ta'minlandi. 47 nafar yoshlar dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarida ish boshladi. Ishtixon tumanida esa 248 ming nafar aholi istiqomat qilib, ularning 146 ming 769 nafarini yoshlar. Hududdagi yoshlarning 5 ming 914 nafari fan, ta'lim, madaniyat, san'at va ijtimoiy sohaning turli yo‘nalishlarida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ishsiz yoshlar esa 3 ming 520 nafardan iborat. Shuningdek, 341 nafar yoshlar o‘qish va ishlash maqsadida xorijga chiqib ketgan. Hozirgi kunga qadar 284 nafar yoshlar kasb-hunarga o‘qitilayotgan bo‘lsa, 49 nafar yoshlar hunarmandchilikka jalb etilgan. 50 nafar yoshlar kasanachilik bo‘yicha faoliyat yuritadi. O‘tkazilgan mehnat yarmarkalari orqali 47 nafar ishsiz yoshlar bandligi ta'minlandi, 43 nafar yoshlar dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yerlarida ish boshladi.

Ommaviy axborot vositalarida e'lon qilingan va jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan Samarqand viloyati Ishtixon tumanidagi mudhish voqea ko‘pchilikning dilini xira qildi. Hayotda o‘z yo‘lini topa olmay, yoshligini zavol toptirib, umrini nafsiga o‘lja qilgan ishtixonlik va qo‘shrabotlik bo‘lgan 3 nafar yigitlar  huquqiy madaniyatining pastligi va birovning haqiga oson ega chiqish ilinji sabab panjara ortida boshi egik. Bugun ular shu jinoyatni sodir etmaganida ishtixonlik bir oilaning 5 nafar a'zosi hayotdan bevaqt ko‘z yummagan bo‘lar edi. Mazkur jinoyatning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va yoshlar o‘rtasidagi bu kabi illatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashida “Yoshlar press klubi”ning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. “Samarqand viloyatida yoshlar jinoyatchilikning oldini olish masalalari tahlili” mavzusidagi ochiq muloqotda  O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Begmat Ochilov, “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Shuhrat Jalilov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov hamda Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Davron Azizovlar spiker sifatida qatnashdi.

Samarqandda yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha mas'ullar faoliyati, olib borilayotgan amaliy ishlar va bu borada erishilayotgan natijalar spikerlar va ishtirokchilar tomonidan tanqidiy tahlil etildi. Ishtixon tumanida 141 ta nosog‘lom muhitga ega oilalar mavjudligi qayd etildi.

—Samarqand viloyatidagi yoshlar huquqbuzarligi va jinoyatchiligiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar, o‘tkazilayotgan “Tungi reyd”, “Tig‘ reydi” va “Davomat reyd”lari orqali bu illat o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 30 foizga kamaygan, – deydi O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Begmat Ochilov.

Qizg‘in muhokamada Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov atigi 22 mln so‘m evaziga butun boshli bir oiladagi 5 nafar shaxsning yoshlar tomonidan o‘ldirilganligi “Qilayotgan loyihalarimiz, tadbirlarimiz samara bermayaptimi?” degan savolni keltirib chiqarayotgani, jinoyatning ildizi ishsizlikka emas, aksincha oiladagi nosog‘lom muhit, tarbiyadagi loqaydlik va befarqlikka borib taqalishini ta'kidladi. Shuningdek, 3 nafar yoshlar tumanda uzumchilik bilan shug‘ullangani, ularning yillik daromadlari kamida 55 million so‘mni tashkil etishi hamda bu jinoyat oson va mo‘may daromad topish ilinjida sodir etilgani bilan bog‘liq ma'lumotlar keltirildi.

Muloqotda aytilishicha, 2018 yil “Yoshlar – kelajagimiz” jamg‘armasi ishchi guruhi tumanda manzilli ro‘yxat tuzish bo‘yicha ana shu yoshlarning uyiga ham tashrif buyurgan. Ularga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha imtiyozli kreditlarni taklif etishgan. Ammo ular kreditga ehtiyojlari yo‘qligini bildirib, taklifni rad qilishgan.

Ochiq va shaffof suhbat yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

—Bugun viloyatimizda ro‘y bergan jinoyatchilikning yoshlar tomonidan amalga oshirilgani barcha mutasaddilarni sergaklikka chaqirdi. Viloyatning hamda tumanning 4 ta sektor rahbarlari bilan jinoyatning kelib chiqish sabablarini muhokama qildik. Kelgusida faoliyatimizda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish va Yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan huquqbuzarlik va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni belgilab oldik, – deydi Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Dilmurod Qurbonov.

Shahnoza Nurullayeva

Top