21:08 / 24.05.2019
5033

Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida chiqindi poligonlari talab darajasida emas -  Senat

Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi da Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlari chiqindi poligonlari ahvoli tanqid qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. 
2019 yil 23 may kuni Oliy Majlis Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining «Chiqindilar to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining chiqindilarni saqlash, ko‘mib tashlash va utilizatsiya qilishga doir talablariga oid qismining Surxondaryo hamda Farg‘ona viloyatlarida ijro etilishi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalari muhokamasiga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Senati a'zosi Turg‘un Iskandarov bu borada batafsil ma'lumot berdi. Jumladan, Farg‘ona viloyatida maishiy chiqindilarni ko‘mishga mo‘ljallangan 23ta poligon mavjud bo‘lib, yiliga o‘rtacha 1,6 mln tonna chiqindi hosil bo‘ladi. Ular tomonidan viloyat aholisining 51 foiziga xizmat ko‘rsatiladi. Shuningdek, qog‘oz, shisha, yaroqsiz avtomobil shinalari, polietilen mahsulotlar qoldiqlari va boshqa turdagi chiqindilarini qayta ishlashga ixtisoslashgan jami 20 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Senator hududdagi chiqindi poligonlari talab darajasida emasligini ta'kidlab, chiqindilarni olib chiqib ketish va ularni utilizatsiya qilish uchun maxsus texnikalarning yetishmasligi aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini pasaytirayotgani va bu turli noroziliklarni keltirib chiqarayotganiga urg‘u berdi. Shu o‘rinda viloyatdagi poligonlarning 5tasi o‘ralmagani, 6tasida sanitar tarmoq, 7tasida maishiy xona hamda 8tasida texnika yuvish joyi va dizbarer mavjud emasligi xususida so‘z yuritdi.

Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida bu borada olib borilayotgan ishlarga ham to‘xtaldi. Xususan, viloyatda maishiy chiqindilarni ko‘mishga mo‘ljallangan 13ta poligon mavjud bo‘lib, yiliga o‘rtacha 2,7 mln. tonna chiqindi hosil bo‘ladi. Ularning 11 tasi «Toza hudud»  DUK ga qarashli bo‘lib, mahalliy aholining 42 foiziga xizmat ko‘rsatadi. Ixtisoslashgan 18ta xo‘jalik yurituvchi sub'yekt tomonidan qog‘oz, polietilen va teri qayta ishlanmoqda.

Bundan tashqari, «Toza hudud»  DUKga qarashli poligonlarni 2017-2018 yillarda qayta ta'mirlash uchun mahalliy budjet mablag‘laridan 7,5 mlrd. so‘m ajratilgan bo‘lishiga qaramay, ushbu yo‘nalishdagi ishlar yetarli darajada tashkil etilmagan. Misol uchun, Sherobod, Jarqo‘rg‘on va Qumqo‘rg‘on tumanlarida markaziy chiqindixonalar devor bilan o‘ralmagan, ularda sanitar tarmoq, maishiy xona, texnika yuvish joyi va dizbarer umuman yo‘q. Bundan tashqari, viloyatdagi chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan korxonalarning asosiy qismi kadastr va davlat ekologiya ekspertizasining xulosasini olmasdan faoliyat yuritmoqda.

Top