19:02 / 25.05.2019
9817

Germaniya O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun taqdim etilayotgan mablag‘lar hajmini o‘n baravarga oshirmoqchi

O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Berlin shahrida XII yillik anjuman doirasida «German Water Partnership» tashkilotining Orolbo‘yi mintaqasi muammolari bo‘yicha Ko‘p sheriklik asosidagi trast jamg‘armasi taqdimoti o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston nomidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi birinchi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etdi, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

Jusipbek Kazbekov
Foto: O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi

Tadbir ishtirokchilariga O‘zbekiston tashabbusi va BMT qo‘llab-quvvatlashi ostida tuzilgan Orolbo‘yi mintaqasida inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik asosidagi trast jamg‘armasining maqsad, vazifa va faoliyati, shuningdek uning doirasidagi hamkorlik imkoniyatlari haqida batafsil ma'lumot taqdim etildi. Trast jamg‘armasining asosiy maqsadi Orolbo‘yi mintaqasidagi vaziyatni ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yaxshilash hamda barqaror rivojlanish yo‘lidagi global maqsadlarga erishishga doir birgalikdagi sa'y-harakatlarni targ‘ib qilish maqsadlarida xalqaro hamkorlik va donorlik hamjamiyati vositalari mobillashuvi uchun yagona platforma yaratishdir. Shuningdek, jamg‘arma Orolbo‘yiga yangi bilimlar, innovatsion yechimlar va texnologiyalarni jalb qilishni maqsad qilgan.

German Water Partnership, o‘z o‘rnida, O‘zbekiston bilan suv sektorini rivojlantirishda yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi. Shu munosabat bilan tashkilot rahbariyati O‘zbekistonda Germaniya texnologiyalarini jalb qilish orqali tegishli loyihalarni amalga oshirishni taklif qildi.

Foto: O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi

Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi vakillari Federal tashqi ishlar vazirligi, Federal iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish vazirligi, Federal ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va yadroviy xavfsizlik vazirligi, Germaniya iqtisodiyoti sharqiy qo‘mitasi, shuningdek German Water Partnership va boshqa qator tashkilot hamda kompaniyalar rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishdi.

Tadbirlar yakuniga ko‘ra, ishtirokchilar O‘zbekiston bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga oid fikr-mulohazalari bilan bo‘lishishdi.

"O‘zbekiston vakillari bilan muloqot qilish imkoniga ega bo‘lganimdan juda xursandman. Kuni kecha vazirligimiz delegatsiyasi Toshkentda bo‘lib, moliyaviy va texnik hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo muzokaralar o‘tkazib qaytdi. Biz O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlash uchun taqdim etilayotgan mablag‘lar hajmini o‘n baravarga oshirmoqchimiz. Bu respublikadagi islohotlarni qo‘llashda, shuningdek Orolbo‘yi mintaqasidagi vaziyatni yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi", - dedi Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot vazirligining parlament davlat kotibi Norbert Bartle.

Foto: O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi

German Water Partnership boshqaruvi raisi o‘rinbosari, p2m berlin GmbH kompaniyasi ijrochi direktori Xubertus Zoppert ham Orolbo‘yi mintaqasi bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi:

"Biz ko‘p yillardan beri Orol dengizi muammosi haqida bilamiz. Mening kasbim aslida muhandis-gidrotexnik bo‘lib, 30 yildan ortiq vaqt davomida bu muammo bilan tanishman. German Water Partnership tarkibida kerakli bilim va nou-xauga ega qator kompaniyalar bo‘lib, ular Orolbo‘yi muammolarini yechishga yordam berishi mumkin. Tashkilotimiz keng xizmatlar ko‘lamini taklif qiluvchi va mamlakatingizni qo‘llab-quvvatlashga tayyor kompaniyalarni birlashtiradi. Ko‘p yillik tajribamizga tayanib, suv-ekologiya yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirish uchun katta imkoniyatlar borligini ta'kidlamoqchiman. Ishonchim komilki, tomonlar istagi va hamkorlikka tayyorligi bilan har qanday muammoning yechimini topish mumkin".

German Water Partnership 2008 yilda GFR hukumati tashabbusi bilan tashkil topgan bo‘lib, suv xo‘jaligi masalalari bilan shug‘ullanuvchi 350 dan ortiq kompaniyani birlashtiradi. Tashkilot o‘z faoliyati doirasida Germaniya vazirlik va idoralari, shuningdek turli ixtisoslashgan muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

Top