09:01 / 26.05.2019
21795

10 alpinist Everestga ko‘tarilishdagi tirbandlikka dosh berolmay jon berdi

Foto: Twitter /Benfogle

Dunyoning eng baland cho‘qqisi – Everestga ko‘tarilishning bahorgi mavsumi boshi – 14 maydan boshlab ushbu cho‘qqini zabt etishga urinish vaqtida kamida 10 alpinist vafot etdi. Bu haqda The Himalayan Times nashri xabar berdi. Bunday tasdiqlangan o‘limlardan biri 41 yoshli britaniyalikning cho‘qqidan tushishdagi, kislorod kamligi sababli “o‘lim hududi” deb ataluvchi joydagi vafoti bo‘lgan. 

Everest Parivar Treks kompaniyasi vakilining aytishicha, erkak cho‘qqiga uzoq ko‘tarilish va sermashaqqat tushishdan keyin madorsizlangan. Mahalliy hokimiyat Everestga ko‘tarilishdagi o‘limlarning asosiy sabablari sifatida toliqish, madorsizlik va cho‘qqiga ko‘tarilishga katta navbatni aytishmoqda. 22 mayning o‘zida cho‘qqiga rekord sondagi 200 kishi, keyingi kun yana 120 kishi ko‘tarilgan.  

Shu hafta avvalroq Everestga ko‘tarilish vaqtida 55 yoshli amerikalik vafot etgan. Erkak 7 ta qit'adagi eng baland cho‘qqilarni zabt etish orzusiga erishib, cho‘qqidan tushish vaqtida yuragi dosh bermay halok bo‘lgan.

Keyingi kunlarda 3 nafar hindistonlik, jumladan 2 ayol halok bo‘ldi. Tog‘dan tushish vaqtida kuchli toliqish, kislorod yetishmasligi va organizmning suvsizlanishi sayyohlarda o‘tkir yurak yetishmovchiligiga olib kelgan. Mutaxassislarning fikricha, agar cho‘qqiga yo‘lda alpinistlarning katta navbati bo‘lmaganda ular omon qolishlari mumkin edi.

Ko‘plab fojiali hodisalar va cho‘qqiga ko‘tarilishning narxi qimmatligiga (xorijliklar uchun kamida 10 ming dollar) qaramay, Everestni zabt etishni istovchilar soni tobora ko‘paymoqda. O‘tgan bahorda Nepal cho‘qqiga ko‘tarilishga 347 ta ruxsatnoma bergan bo‘lsa, joriy bahorda bunday ruxsatnomalar soni 381 tani tashkil qilgan.

Halok bo‘lganlarning jasadlari evakuatsiya murakkabligi sababli odatda o‘sha joydagi muzlar ostida qolib ketadi.  

Nepal hukumati ma'lumotlariga ko‘ra, joriy mavsum boshidan Himoloy tog‘ining 8 ming metrdan balandroq cho‘qqilarini zabt etish vaqtida 20 kishi halok bo‘ldi. Ulardan 10 nafari Everestda, 4 nafari Makaluda, 3 nafari Kanchenjangada va bir nafardan Lxotsze, Annapurna hamda Cho-Oyyu tog‘larida halok bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top