08:10 / 29.05.2019
14284

Davlatlarning raqobatbardoshlik reytingi e'lon qilindi 

Foto: globallookpress.com

Xalqaro menejmentni rivojlantirish instituti (International Institute for Management Development, IMD) tomonidan har yili tuziluvchi, davlatlarning raqobatbardoshlik reytingining 2019 yil uchun versiyasida Singapur eng yuqori o‘rinni egalladi. Avvalgi yilgi reyting yetakchisi AQSh esa 3-o‘ringa tushib ketdi.

IMD saytidagi bayonotda Singapur 2010 yildan beri ilk bor reytingning eng yuqori o‘rnini egallagani ta'kidlab o‘tilgan. Bunday yuqorilashga mamlakatning ilg‘or texnologik infratuzilmasi, malakali ishchi kuchi mavjudligi, qulay immigratsiya qonunlari va biznes ochishning samarali usullari sabab bo‘lgan.

Mutaxassislar AQShning pastlashini mamlakatda yonilg‘i narxi oshishi, yuqori texnologik eksportning kuchsizlanishi va dollar kursining “o‘ynashi” bilan tushuntirishgan. 

2-o‘rinni “Osiyo yo‘lbarsi” Honkong egalladi. 

Umumiy hisobda reytingdan 63 davlat o‘rin olgan. Yetakchi o‘ntalikka, shuningdek, Shveytsariya, BAA, Niderlandiya, Irlandiya, Daniya, Shvetsiya va Qatar kiritilgan.  

Markaziy Osiyo davlatlaridan reytingda faqatgina Qozog‘iston taqdim qilingan va u o‘tgan yilgi reytingga nisbatan 4 o‘rin yuqorilab, 34-o‘rinni egallagan.

Ta'kidlanishicha, eng katta yuqorilashni Saudiya Arabistoni namoyish etgan. Arab davlati avvalgi 26-o‘rindan 13-o‘ringa ko‘tarilib olgan. Qatar esa 2013 yildan beri ilk bor yetakchi o‘ntalikka kirgan. Bunga esa neft va gaz sotishdan olingan yuqori daromadlar sabab bo‘lgan.

Shuningdek, katta yuqorilashni Indoneziya namoyish qilgan, ushbu davlat avvalgi 43-o‘rindan 32-o‘ringa ko‘tarilib olgan. Shuningdek, BAA ilk bor yetakchi beshtalikdan o‘rin olgan.  

Reytingning oxirgi o‘rinlarini Argentina, Mo‘g‘uliston va Venesuela egallagan. 

IMD reytingi 1989 yildan e'lon qilib kelinadi. U 63 ta davlatni qamrab olib, ularning raqobatbardoshligi taxminan 260 ta mezon bo‘yicha baholanadi. Tadqiqot davlatning raqobatbardosh muhit va biznes yuritish uchun qulay sharoitlar yarata olishini baholaydi.

Mavzuga oid
Top