12:50 / 29.05.2019
10116

Xitoydagi talaba yoshlarning navbatdagi murojaati. Talabalar firma va konsullikdan minnatdor

Bir necha kun muqaddam internetda Xitoyga o‘qish uchun borgan yoshlarning murojaati tarqalgan edi. Shundan so‘ng Tashqi ishlar vazirligi holat nazoratga olingani haqida xabar berdi. Ushbu yoshlardan Kun.uz tahririyatiga navbatdagi videomurojaat yetib keldi.

«Biz may oyning boshida video jo‘natgan edik. Bu videodan so‘ng, «Yeschina» konsalting firmasi vakillari bu yerga kelib, universitet xodimlari bilan birgalikda 200 nafar bolani to‘plab katta majlis bo‘lib o‘tdi. Bu majlisda bizning barcha kelishmovchiliklarimiz bartaraf etildi. Bizga yordam bergan Xitoy bosh konsuli va boshqa yordam bergan barcha insonlarga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Bizning konsalting firmasi va universitetdan e'tirozimiz yo‘q», deydi yosh talaba.

«Universitet rahbarlari bilan yig‘ilish o‘tkazilgandan so‘ng, bizda bo‘lgan muammolarga barham berildi. Biz firma va universitetdan e'tirozimiz yo‘q», deydi murojaatchilardan biri.

Masala agar shu bilan hal etilgan bo‘lsa, talabalar boshqa bunday muammoga duch kelmaydi, degan umiddamiz. Xorijga o‘qish yoki ish uchun bormoqchi bo‘lgan fuqarolarimizni hushyorlikka chaqirib qolamiz. Zero, har qanday holatning sarhisobini avvalo o‘zingiz yuritasiz.

Top