01:10 / 30.05.2019
6184

Nursulton Nazarboyevga Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashi faxriy raisi unvoni berildi

Foto: RIA "Novosti"

Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston, Rossiya, Belarus, Armaniston va Qirg‘izistonni birlashtiruvchi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqining oliy organi – Yevrosiyo oliy iqtisodiy kengashining (YeOIK) faxriy raisiga aylandi.  

Nazarboyevga ushbu unvonning berilishini Nur-Sultonda 29 may kuni YeOIKning yig‘ilishi ochilishida Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev e'lon qildi. Toqayevning ta'kidlashicha, Nazarboyevga bu unvonning berilishi tashabbusini Rossiya prezidenti Vladimir Putin bildirgan, YeOII davlatlari uni qo‘llab-quvvatlashgan.

Toqayev YeOIIni tashkil qilish g‘oyasi aynan Nazarboyevga tegishli ekanini eslatib o‘tgan. 

O‘z navbatida, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Nazarboyevning ushbu lavozimga tayinlanishi shunchalik rasmiyatchilik emasligini aytgan. “Buni kecha Qozog‘iston prezidenti bo‘lgan, bugun esa ketgan odamga bir sovg‘a deb o‘ylash kerak emas. Biz bu odamdan ittifoqimiz uchun hali ko‘p ijobiy narsalarni olishimiz mumkin”, deb ta'kidlab o‘tgan Lukashenko. Uning ta'kidlashicha, Nazarboyev YeOIIga a'zo davlatlarning real iqtisodiy birlashishiga xalaqit qilayotgan iqtisodiy to‘siqlar bilan kurashda katta yordam ko‘rsatishi mumkin. 

Qozog‘istonning birinchi prezidenti yangi lavozimga kirishib, YeOIIga bir qator choralarni qabul qilishni taklif qilgan. Jumladan, uning fikricha, ittifoq AQSh va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushidan unumli foydalanishi kerak. Nazarboyevning ta'kidlashicha, savdo urushlari sababli AQSh va Xitoydan mahsulotlar yetkazilishida muammolar yuzaga kelishi mumkin va YeOII davlatlari bundan unumli foydalanib, o‘z mahsulotlarini taklif qilishi kerak.

Top