15:22 / 31.05.2019
88565

Abdulla Qurbonovning litsenziyasi tugatildi

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Jahongir Otajonovning chiqargan videosiga haqoratomuz tarzda o‘z munosabatini yo‘llagan xonanda Abdulla Qurbonov tomonidan san'atkor odobiga to‘g‘ri kelmaydigan noo‘rin so‘zlar orqali muborak Ro‘zai Ramazon oyida keng ommaning g‘ashiga tegish hollari kuzatildi. 

A.Qurbonovning ijtimoiy tarmoqlardagi ketma-ket chiqargan bunday nomaqbul audio-videolari o‘z navbatida yoshlar orasida va jamoatchilik o‘rtasida salbiy fikr uyg‘otmasdan qolmadi hamda noroziliklarga sabab bo‘ldi. 

“O‘zbekkonsert” xabariga ko‘ra, yuqoridagi holatlar bo‘yicha xonandaga bir necha marotaba ushbu noo‘rin munosabatlarni to‘xtatish to‘g‘risida ogohlantirish berilgan. Bunga qaramasdan, xonanda tomonidan nojoiz munosabatli fikrlarni keng ommaga tarqatish yana takrorlangan.
 
Shu bois lisenziat A.Qurbonov bilan tuzilgan litsenziya bitimining 4.2.9-bandida nazarda tutilgan talablar va shartlar muntazam ravishda buzilganligini inobatga olib, “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 23-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi 354-son Qarorining 1-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 37-bandiga asoslanib, Abdulla Akbarovich Qurbonov nomiga konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqi uchun berilgan litsenziyaning amal qilishi 2019 yil 31 may kunidan tugatildi.

Bundan oldin, «O‘zbekkonsert» barcha xonandalarga ogohlantirish bilan chiqqandi.

Top