AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiya yetakchisi Rajab Tayyib Erdo‘g‘anning Anqara Rossiyadan S-400 zenit-raketa majmualari sotib olayotganligi munosabati bilan ishchi guruh tuzish haqidagi taklifini ijobiy baholadi, deb xabar berdi NTV telekanali.
"Tramp Erdo‘g‘anning S-400 bo‘yicha ishchi guruh tuzish haqidagi taklifiga ijobiy yondashdi", - deya iqtibos keltiradi telekanal o‘z manbasidan.
Erdo‘g‘an chorshanba kuni Trampga yana bir bor S-400 bo‘yicha ishchi guruh tuzishni taklif qildi. Turkiya S-400 tizimini sotib olishdan voz kechmasligini va uning birinchi partiyasi iyulda mamlakatga yetkazib berilishini bildirdi.
AQSh S-400 tizimi NATO standartiga mos kelmasligini aytmoqda va Turkiyaga nisbatan sanksiyalar qo‘llanilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.