13:01 / 01.06.2019
13940

Mashhur gangster Frenk Lukas vafot etdi

Foto: Jim Cooper / AP Photo

Amerikalik dongdor jinoyatchi Frenk Lukas vafot etdi. Bu haqda Deadline nashri xabar bermoqda. 88 yoshli gangsterning joni 30 may Nyu-Jyersidagi shifoxonaga olib ketilayotganda uzilgan.

Lukas 1960-1970 yillarda Nyu-York shahriga giyohvand moddalarni yetkazish bo‘yicha yetakchi guruh boshlig‘i bo‘lgan. Uning mijozlari orasida yulduzlar, siyosatdonlar va umuman badavlat insonlar bo‘lishgan.

Jinoyatchi o‘z davrida shunchalik jilovni yo‘qotganki, Vetnamdan kelayotgan tobutlar ichida geroin tashigani bilan ochiqdan-ochiq maqtangan. Ayrim davrlarda uning kunlik daromadi million dollardan oshgani qayd etiladi.

1975 yilda Lukas qo‘lga olinadi va 70 yilga ozodlikdan mahrum qilinadi. Ammo 1991 yildayoq ozodlikka chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Tergovchilar u ofshor hududlarda yashirgan 50 million dollarni baribir topa olmaganlar.

2007 yilda Lukas hayotiga asosan “Amerika gangsteri” filmi ishlangan va unda bosh rolni Denzel Vashington o‘ynagan. Bundan tashqari 2010 yilda jinoyatchi tomonidan “Haqiqiy gangster” xotiralar to‘plami nashrdan chiqarilgan.

Top