18:04 / 01.06.2019
24715

Shavkat Mirziyoyev Ohangarondagi bog‘chaga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Ohangaron shahridagi «Qaldirg‘och» davlat maktabgacha ta'lim muassasasiga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qilmoqda.

1 iyun - Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni arafasida foydalanishga topshirilgan ushbu bog‘cha No‘g‘oyqo‘rg‘on mahallasi aholisining og‘irini yengil qildi. Zero, bu yerda tashkil etilgan 4 asosiy va 3 qisqa muddatli guruhlarda 160 dan ziyod bolaga zamonaviy sharoitlarda ta'lim-tarbiya berish imkoniyati paydo bo‘ldi. Bu yerda yozgi o‘yin maydonchasi, cho‘milish havzasi, futbol maydonchasi, sport va musiqa zallari tashkil etilgan, Xonalar rivojlantiruvchi o‘yinlar va ko‘rgazmali vositalar, bolalar o‘z iqtidorini namoyish etishi uchun zarur barcha imkoniyatlar bilan ta'minlangan. Bog‘chada 32 nafar mutaxassis ish bilan ta'minlandi. 

Prezident bog‘chadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, soha mutasaddilari va tarbiyachilar bilan suhbatlashdi. Mamlakat kelajagini ta'minlaydigan kadrlarni tarbiyalash maktabgacha ta'lim tizimidan boshlanishi, yangi bog‘chalar qurish va bolalarni qamrab olishni kengaytirish orqali bunga zamin yaratilayotganini ta'kidladi.

Top