09:23 / 05.06.2019
9382

O‘zbekistonda taksilar uchun maxsus to‘xtash joylari tashkil etilishi mumkin

Foto: TASS/Andrey Maxonin

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida taksilar uchun maxsus to‘xtash joylarini tashkil etish haqida petitsiya e'lon qilindi.

Kundalik hayotimiz va faoliyatimiz transport vositalari bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu sababli, jamiyatimizda transport vositalari, xususan, taksilar xizmatiga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda. Biroq, taksi xizmatlaridan foydalanishda qilinishi zarur bo‘lgan muayyan ishlar mavjud, deyiladi murojaatda. 

“Shulardan biri – taksilar uchun maxsus to‘xtash joylarini tashkil etishdir. Hozirda, bunday joylar alohida chizib ajratilmagan. Shu sababli, yo‘lovchi istagan joyida taksini to‘xtatishi mumkin. Bu holat nafaqat yo‘l harakati qoidalarining buzilishiga, balki piyodalar uchun ham ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Ayniqsa, bekatlar yaqinida taksilar to‘xtab turganida shunday holat ko‘zga yaqqol tashlanadi. Bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida taksilarni to‘xtatish uchun maxsus joylarni tashkil etishni va o‘sha joyni sariq rangga bo‘yashni taklif qilaman”, - deb yozadi petitsiya muallifi. 

Bildirilishicha, bu transport vositalarining tartibli harakatini ta'minlaydi, jamoatchilik orasida yo‘llarda harakatlanish madaniyatining oshishiga sabab bo‘ladi, yo‘llardagi tirbandliklar kamayib, harakat xavfsizligi kafolatlanadi.

“Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, taksilar uchun maxsus to‘xtash joylarini tashkil etishni taklif qilaman”, - deya yakunlangan murojaat.

Top