08:10 / 07.06.2019
12822

Millatlar ligasi. Niderlandiya Angliyani qo‘shimcha bo‘limlarda mag‘lub etib, finalga chiqdi

Foto: REUTERS

Niderlandiya milliy jamoasi Millatlar ligasi yarim finalida Angliyani mag‘lub etib, turnir finaliga yo‘l oldi.

Portugaliyaning Gimaraynsh shahrida kechgan bahsning asosiy vaqtida jamoalar har ikki bo‘lim o‘rtalarida bittadan to‘p kiritishdi. 32-daqiqada himoyachilarning xatosidan keyin belgilangan penaltini Markus Reshford aniq amalga oshirib hisobni ochdi, 73-daqiqada esa burchak to‘pidan keyin boshi bilan darvozani ishg‘ol etgan Matteys de Ligt muvozanatni tikladi. Natijada o‘yin overtaymlarda davom ettirildi.

Qayd etish kerak, mazkur bahs ham VAR bilan bog‘liq golli epizodsiz o‘tmadi. 83-daqiqada Lingard Barklining pasidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib, gol urdi; ammo VAR`ga murojaat qilgan hakam Jyessi o‘yindan tashqari holatda qolgan deb topib, golni bekor qildi.

Qo‘shimcha bo‘limlarning 7-daqiqasida Kayl Uokerning avtogoli bilan «uchar hollandlar» hisobda oldinga chiqib olishdi. 114-daqiqaga kelib, Angliyaning himoyadagi navbatdagi xatosi ortidan yakun hisob o‘rnatildi – gol muallifi bo‘lgan Promesga birinchi bo‘limda de Ligtning goliga assistentlik qilgan Depay so‘nggi pasni aniq uzatdi.

Millatlar ligasining ilk g‘olib va sovrindorlari shu hafta oxirida aniqlanadi. Yakshanba kuni niderlandlar mezbon Portugaliyaga qarshi finalda, inglizlar esa Shveytsariya bilan uchinchi o‘rin uchun bahsda maydonga tushadi.

Millatlar ligasi
1/2 final, 6 iyun
Niderlandiya – Angliya 3:1 (0:1, 1:0, 1:0)
Gollar: 0:1 – 32, penalti Reshford, 1:1 – 73 de Ligt, 2:1 – 97, avtogol Uoker, 3:1 – 114 Promes.
Niderlandiya – Sillessen, de Ligt, Blind, Dumfris, van Deyk, Depay, de Ron (van de Bek, 68), Bergveyn (Propper, 90), Veynaldum, Babel (Promes, 68), de Yong(Strotman, 114).
Angliya – Pikford, Rays (Alli, 105), Maguayr, Stounz, Delf (Xenderson, 77), Sterling, Barkli, Uoker, Sancho (Lingard, 61), Chiluell, Reshford (Keyn, 46).
Ogohlantirishlar: de Ligt (30), Dumfris (44), Keyn (70), van de Bek (106).

 

Mavzuga oid
Top