11:10 / 07.06.2019
3330

O‘zbekiston – Qirg‘iziston parlamentlararo komissiyasining ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi

Foto: Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati

Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning ikkinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabariga ko‘ra, Parlamentlararo komissiya a'zolari, O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegaradosh Andijon, Farg‘ona, Namangan viloyatlari hokimlari, O‘sh, Jalolobod, Botken viloyatlari gubernatorlari (Qirg‘iziston hukumatining vakolatli vakillari), tashqi ishlar vazirliklari, har ikki davlatning elchilari ishtirok etgan yig‘ilishda parlamentlararo hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

– O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida savdo-sotiq hajmi joriy yilning o‘tgan davrida uch barobarga ortdi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining o‘rinbosari, Parlamentlararo komissiya hamraisi Sodiq Safoyev. – Ayniqsa, turizm, madaniyat, ilm-fan va boshqa qator yo‘nalishlardagi hamkorlik ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Bu, albatta, ikki xalqning do‘stligi, qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga, turmush farovonligining yuksalishiga xizmat qilmoqda.

– Ayni kunda Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida chegara hududlarini belgilash masalasi bo‘yicha 85 foiz kelishuvga erishilgan, – deydi Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi agrar siyosat, suv resurslari, ekologiya va hududiy rivojlanish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Parlamentlararo komissiya hamraisining o‘rinbosari Almazbek Akmatov. – Bu borada nafaqat parlamentlararo, balki, hukumatlararo komissiya ham ish olib bormoqda. Yaqin vaqt ichida aniqlik kiritilishi zarur bo‘lgan chegara hududlar bo‘yicha ham bir to‘xtamga kelinadi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshevning Qirg‘izistonga rejalashtirilayotgan rasmiy tashrifiga doir masala ham ko‘rib chiqildi.

Parlamentlararo komissiyaning ikkinchi majlisida belgilangan barcha masalalar muhokama qilinib, kelgusidagi muhim vazifalar, hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi. Komissiyaning navbatdagi majlisini o‘tkazish bo‘yicha maslahatlashib olindi, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid
Top