10:30 / 10.06.2019
19258

Eron havo hujumiga qarshi yangi mudofaa tizimini taqdim qildi

Foto: FARS

Eron mudofaa vaziri Amir Hotamiy Eronda ishlab chiqarilgan yangi zenit raketa majmuasi Khordad-15’ni keng ommaga taqdim qildi. Jumladan Irib News agentligi tomonidan majmuaning o‘rnatilishi va undan raketa uchirilishi kadrlarini e'lon qilgan.

Tasnim axborot agentligining Hotamiyga tayanib xabar berishicha, majmua 150 km masofagacha dushman aviatsiyasini, 85 kmgacha esa sezilmas havo platformalarini aniqlay oladi. Nishonga urish hududi 45 kmgacha yetishi mumkin. Majmua tarkibiga Sayyad-3 zenit raketalari kiradi. Majmua belgilangan hududda 5 daqiqa ichida shay holatga keltiriladi.

Oxirgi yillarda Eron armiyasi mahalliy zenit raketa majmualari va radiolokatsiya stansiyalarini qurollanishga olmoqda. Ta'kidlanishicha, Eronning bosh maqsadi yaqin, o‘rta va uzoq masofalarga mo‘ljallangan havo hujumi va raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimlari eshelonini yaratish hisoblanadi.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Eron uchun asosiy harbiy tahdid AQSh va Isroil havo hujumlari hisoblanadi. Islom respublikasi qanotli raketalar, turli aviatsiya o‘q-dorilari, uchuvchisiz parvoz qurilmalari va jangovar samolyotlarni urib tushirishni ta'minlashga intilmoqda.

Ayni vaqtda Eron armiyasida qurollanishda o‘rta masofalarga mo‘ljallangan Raad va Mersad majmualari turadi. Uzoq sarhadlar uchun Talash va Bavar 373 zenit-raketa majmualari javob beradi. Shuningdek, Eron armiyasida xorijda ishlab chiqarilgan majmualar ham bor. Mutaxassislarning fikricha, ular orasida eng samaralisi Rossiyaning S-300PMU-2 “Favorit” majmuasi hisoblanadi.

Top