19:04 / 10.06.2019
8375

Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi bilan «Trastbank» hamkorligi kengaymoqda

Shu yilning 10 iyun kuni «Trastbank» xususiy aksiyadorlik bankida Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Unda «Trastbank» rahbariyati Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasining ijrochi direktori janob Ayman Amin Sejini boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Bu uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 20 dekabrdagi «Xalqaro va xorijiy moliya institutlari bilan hamkorlikning samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va 2019 yil 5 martdagi «Islom taraqqiyot banki guruhi va Arab muvofiqlashtirish guruhi jamg‘armalari bilan hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlarida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim voqea bo‘ldi.

2018 yilning 9 iyulida «Trastbank» delegatsiyasining Saudiya Arabistonining Jidda shahriga tashrifi doirasida, Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi (XSRIK) o‘rtasida bitim imzolanib, 7 000 000 AQSh dollari miqdorida kredit liniyasi ajratilgan va u 1 oy mobaynida o‘zlashtirilgan edi.Jumladan, bu yo‘nalish doirasida sanoat ishlab chiqarish sohasida qator investitsiya loyihalari moliyalashtirilgan bo‘lib, kabel ishlab chiqarish, elektron qismlarni ishlab chiqarish, qurilish va maishiy texnika ishlab chiqarish sohasiga ajratilgan kredit liniyalari hisobidan respublikamizda jami 50taga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratishga erishildi.

«Bugungi kunda Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi «Trastbank»ning xalqaro darajadagi muhim hamkorlaridan biri hisoblanadi», - deydi bank boshqaruvi raisi Sardor Normuxamedov.

«O‘tgan 25 yil davr mobaynida bank moliyaviy xizmatlar bozorida mustahkam o‘rin egallab, o‘ziga xos bo‘lgan ish uslubini yaratdi. Xususan, bank o‘z faoliyati davomida keng mijozlar bazasini yaratdi, jumladan, respublika bo‘ylab bankning 11ta filiallar tarmog‘i aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga xizmat ko‘rsatmoqda. Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi tomonidan ajratilgan kredit liniyasi «Trastbank»ga xalqaro biznesni rivojlantirishning yangi bosqichiga erishishiga imkon yaratdi», - deya so‘zini yakunladi Sardor Normuxamedov.

Qizg‘in mubohasalar bilan o‘tgan uchrashuv davomida «Trastbank» boshqaruvi raisi Sardor Normuxamedov bank faoliyati natijalari va o‘zlashtirilgan kredit liniyalari haqida batafsil ma'lumot berib, hamkorlikning navbatdagi bosqichi sifatida mavjud moliyalashtirish liniyasini oshirish imkoniyatlari va o‘zaro hamkorlikning shakllari haqida so‘z yuritdi. 

Uchrashuv yakunida «Trastbank» va Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi.

Bu uchrashuv hamkorlikni yanada kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni ro‘yobga chiqarishga alohida turtki berish bilan birga, shubhasiz, bank tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga, tadbirkorlik va kichik biznesni jadal rivojlantirishga, qolaversa respublikamizda yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga mustahkam zamin yaratadi.

Top