20:25 / 11.06.2019
22788

O‘zbekiston Shomurodovning gollari evaziga Suriyani mag‘lub etdi

O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentda Suriyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinini o‘tkazdi.

Hisob 3-daqiqada ochildi. Maydon markazida to‘pni qabul qilib olgan mezbonlar sardori Odil Ahmedov jarima maydonchasi tomon yaqinlashayotgan Eldor Shomurodovning yo‘nalishiga aniq uzatmani amalga oshirdi. Darvozabon bilan o‘tkir burchak ostida yakkama-yakka chiqib borgan Shomurodov esa to‘pni uning oyoqlari orasidan o‘tkazib, gol urdi.

Goldan so‘ng suriyaliklar hujumga zo‘r berishdi. O‘yin davomida juda faol harakat qilgan Suriyaning chap qanot himoyachisi Muaid al-Ajanning uzatmasidan so‘ng Umro Al-Midaniy akrobatik uslubda zarba yo‘lladi, lekin to‘g‘ri joy tanlagan Eldor Suyunov to‘pni egallab oldi. Birinchi bo‘limda suriyaliklar 3 marta qulay joylardan jarima zarbasi tepish imkoniga ega bo‘lishdi. Lekin har safar himoyachilar va darvozabon jarima maydonchasiga uzatilgan to‘plarni qaytarishdi.

34-daqiqada Suriyaning qanot himoyachisi Muaid al-Ajan markaziy hujumchi rolida paydo bo‘ldi. Darvoza yaqiniga uzatilgan to‘p uchun kurashda al-Ajan O‘zbekiston darvozaboni Eldor Suyunov bilan to‘qnashib ketdi. Har ikki futbolchi to‘qnashuv oqibatida maydonga qulab, shifokorlar yordamidan so‘ng o‘yinni davom ettirishdi.

37-daqiqa Suriya yarimhimoyachisi Muhammad al-Marmur o‘ng qanotdan uzatilgan to‘pni akrobatik uslubda darvozaga yo‘lladi, lekin uning chiroyli zarbasiga aniqlik yetishmadi. Bu hujumdan ikki daqiqa o‘tib, suriyaliklar yana oldinga o‘tishdi. Biroq chap qanotdan rivojlanayotgan hujumni Farrux Sayfiyev qaytarib qoldi.

42-daqiqada hisob 2:0 ko‘rinishiga keldi. Jaloliddin Masharipovning ajoyib uzatmasini Eldor Shomurodov sovuqqonlik bilan golga aylantirdi. Birinchi golda to‘pni darvozabonning oyoqlari orasidan o‘tkazgan Eldor bu gal darvozabonning ustidan oshirib yubordi.

59-daqiqada Suriya xavfli hujumni amalga oshirdi. Darvoza yaqinida uzatilgan to‘pni Mahmud al-Moas bosh bilan darvozabonning ustidan tushirib qo‘ymoqchi bo‘ldi, lekin Islom To‘xtaxo‘jayev to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi.

O‘yinni kuzatish uchun stadionga 32 271 tomoshabin keldi. 

Suriya bilan o‘yindan so‘ng Kuper bu galgi yig‘inga jalb qilgan futbolchilardan maydonga tushmagan ikki nafari qoldi xolos. Murabbiy 24 nafar futbolchiga imkoniyat berdi. Darvozabonlar Javohir Ilyosov hamda Botirali Ergashev bu galgi yig‘inda maydonga tusha olishmadi.

O‘rtoqlik o‘yini
11 iyun, Toshkent, «Milliy» stadioni, 32 271 tomoshabin
O‘ZBeKISTON – SURIYa 2:0

Gollar: Eldor Shomurodov (3, 42).
O‘zbekiston: Eldor Suyunov, Farrux Sayfiyev (Oleg Zoteyev, 73), Islom To‘xtaxo‘jayev, Anzur Ismoilov, Davron Hoshimov, Odil Hamrobekov (Fozil Musayev, 60), Oston O‘runov (Ikrom Aliboyev, 60), Odil Ahmedov (Xurshid G‘iyosov, 75), Quvondiq Ro‘ziyev (Doston Ibragimov, 66), Jaloliddin Masharipov, Eldor Shomurodov (Igor Sergeyev, 78).
Suriya: Ibrohim Alma, Muaid al-Ajan, Umro al-Midaniy (Shiib al-Ali, 46), Amro Jyenait, Tomir Muhammad, Xolid al-Mubayi, Ahmad Ashkar, Ahmad al-Ahmad (Firos al-Xatib, 64) Muhammad al-Marmur (Hamid Mido, 84), Mahmud al-Moas (Abdulmalik al-Anizan, 76), Muhammad al-Vohid.

Top