10:10 / 19.06.2019
9079

«Chelsi» Frenk Lempard bilan 3 yillik shartnoma bo‘yicha kelishib oldi

«Chelsi» sobiq futbolchisi Frenk Lempard bilan bosh murabbiy lavozimi yuzasidan shartnoma shartlarini kelishib oldi, deb xabar tarqatdi jurnalist Nikolo Skira.

«Tasdiqlashdi: Frenk Lempard «Chelsi»ning yangi murabbiyi bo‘ladi. U 2022 yilgacha mo‘ljallangan bitim imzolaydi», – deb yozdi jurnalist tvitter sahifasida.

Xabarlarga qaraganda, «ko‘klar» Frenkning hozirgi ish joyi «Derbi Kaunti»ga 4,5 mln yevro miqdorida tovon puli to‘laydi.

The Times ma'lumotiga ko‘ra, «Chelsi» xo‘jayini Roman Abramovich Lempard bilan muzokaralar o‘tkazib, uni hatto salbiy natijalar kuzatilgan taqdirda ham kamida ikki yil iste'foga chiqarmaslikka va'da bergan.

Ma'lumot uchun, 40 yoshli Lempard murabbiylik faoliyatini bir yil oldin boshlagan. Uning debyut mavsumida «Derbi Kaunti» Chempionshipda 6-o‘rinni egalladi; APLga chiqish pley-offida finalgacha yetib borib, Premer-liga ostonasida «Aston Villa»ga yutqazdi (1:2).

Eslatib o‘tamiz, «Chelsi»ni bir yil boshqargan Mauritsio Sarri «Yuventus»ga ishga o‘tishi o‘tgan hafta oxirida rasman ma'lum qilingan edi.

Top