19:59 / 19.06.2019
18181

Uch farzandini yerga qo‘ygan ayolning so‘nggi farzandi ham xasta, ammo ona umidini uzgani yo‘q...

KUN.UZ tahririyati Xorazm viloyati, Urganch shahrida istiqomat qiluvchi Matniyazova Sevara o‘g‘li Elshanning dardiga shifo istab, yordam so‘rab murojaat qilganidan so‘ng, xayriya tadbirini uyushtirib bergan edi.

Shundan so‘ng, juda ko‘p yurtdoshlarimiz o‘z himmatini ayamay, bolakayning shifo topishi uchun xayr-ehson qilishdi. Ammo kerakli miqdordagi pul to‘planmay qoldi.

Elshanning kasalligi tarixini yana bir bor eslatib o‘tamiz.

Matniyazova Sevara 1987 yilda tug‘ilgan. Erta turmush qurishi va yaqin qarindoshiga tegishi uning hayotida ko‘p kulfatlarga sabab bo‘ldi. Ayol turli sabablarga ko‘ra, uch farzandidan ayrilgan va turmushi buzilgan.

To‘rtinchi farzandi Matniyazov Elshan 2013 yilda tug‘ilgan. 2016 yili unda juda og‘ir onkologik xastalik Xojkin limfomasi borligi aniqlangan.

«3 yoshga kirganida o‘g‘limning isitmasi tez-tez ko‘tarila boshladi. Davolashning har xil usullarini qo‘llab ko‘rdik, ammo foydasi bo‘lmadi. Bolalar shifoxonasida qon tahlilini topshirganimizdan so‘ng, uning natijalariga ko‘ra, Onkologiya shifoxonasiga yo‘llanma berishdi. U yerda Elshanga Xojkin limfomasi tashxisi qo‘yildi» - deydi Sevara.

Xojkin limfomasi yoki limfogranulematoz - limfatik to‘qimalar va oshqozon osti bezining kattalashuviga olib keluvchi, ozib-to‘zdiradigan va kuch-quvvatdan qoldiradigan og‘ir onkologik kasallikdir.

Dahshatli tashxisdan so‘ng, Elshan Onkologiya shifoxonasida 7 marta kimyoterapiya muolajasini olgan, natijada, uning sochlari, kiprik va qoshlari butunlay to‘kilib ketgan. Bolakayning davolanishini ta'minlash uchun oilaning mulki, daromad keltiruvchi biznesi sotib yuborilgan.

«Dadam rahmatlidan qolgan avtomobilni sotdik. Bundan tashqari, ro‘zg‘orimizga tayanch bo‘lib turgan do‘konni ham sotib, barcha mablag‘larni Elshanning davolanishi uchun sarfladik», - deydi Sevara.

2017 yilda ona va bola davolanish uchun Hindistondagi Fortis (Fortis Memorial) klinikasiga borishadi. Elshan u yerda PET apparatida ko‘rikdan o‘tkaziladi.

«Hindistonning Fortis klinikasiga bordik. U yerda Elshanni PET apparatida tekshirib ko‘rishdi. Uning tomiriga maxsus dori yuborib, barcha a'zolari PET yordamida tekshiruvdan o‘tkazildi. Bu juda og‘riqli jarayon ekan, u narkoz yordamida qilindi» - deydi Sevara.

PET - Pozitron-emission tomografiya bo‘lib, insonning ichki a'zolarini radionuklid tomografik usulda tekshirish imkoniyatini beradi.

«PET tahlili uning bo‘ynidagi limfoma to‘qimalarida xavfli shish borligini aniqlab berdi. Keyin Elshan jarrohlik amaliyotini o‘tadi va shishlar olib tashlandi», - deydi onasi.

Hindistonga borib kelish, u yerda 1 oy davomida davolanish uchun Sevara 8000 AQSh dollarini sarflagan. Shifokorlar unga har 6 oyda bir marta PET ko‘rigidan o‘tishni tavsiya qilishgan.

Sevara erta turmush qurishi natijasida biror joyda ta'lim ham olmagan, kasb ham o‘rganmagan. Hozirgi kunda bolasini parvarishlash bilan mashg‘ul. U Elshanning nafaqasi va qarindoshlari himmatiga qarab qolgan. Bolaning davolanish muddati o‘tib borayotgani esa ayolni qattiq xavotirga va tushkunlikka solmoqda.

«Uch nafar bolamdan ajralganman, to‘rtinchisi juda og‘ir xasta. Bundan keyin farzand ko‘rmasam kerak. Elshan bilan Hindistonga borib, davolanib kelishimiz uchun esa mablag‘imiz yo‘q», - deb kuyinadi Sevara.

Xayriya tadbirini uyushtirganimizdan so‘ng, Elshanning hisobiga 25 million so‘m mablag‘ kelib tushdi. Yana taxminan 43 million so‘m mablag‘ to‘planishi kerak. Shunda uning Hindistonga yo‘l olishiga imkoniyat tug‘iladi.

KUN.UZ’ning hurmatli va xayr-ehsonni xush ko‘ruvchi saxovatpesha o‘quvchilari, Elshanning shifo topib, kasallikdan forig‘ bo‘lishiga o‘z hissamizni qo‘shaylik. Uning va onasining xursandchiligiga sherik bo‘laylik. Har kim imkoni darajasida yordam qo‘lini cho‘zsa, toma-toma ko‘l bo‘lganidek, Elshan uchun ham zarur mablag‘ sanoqli kunlarda to‘planishiga shubha qilmaymiz. Imkoni yo‘qlar esa g‘oyibona duolarida shifo tilab qo‘ysalar, shu orqali ma'naviy yordam bergan bo‘ladilar.

Xayriya qilmoqchi bo‘lganlar uchun:

Elshanning onasi Matniyazova Sevaraning plastik karta raqami: 8600 0423 1192 0283 (PAYME yoki Click)

Agrobank ATB Xorazm viloyati hududiy filiali

MFO: 00548

INN: 200 905 229

Naqd pul topshirganda: 2311 6000 9000 0054 8001

Mijoz arizasiga asosan kartadan kartaga pul o‘tkazilganda: 2311 8000 7000 0054 8001

Boshqa tashkilotlardan kelib tushgan mablag‘lar tranziti: 2312 0000 3000 0054 8001

Xorij davlatlaridan pul o‘tkazishni istaganlar uchun,

Matniyazova Sevaraning ukasi Sherzodning plastik karta raqami:

4276 5500 5838 0638 VISA Sberbank

(Eslatma: naqd pulni bankka topshirish yoki tashkilotlardan pul jo‘natishni istaganlar plastik karta egasi Matniyazova Sevara nomiga yuborishingiz so‘raladi. Matniyazov Elshan nomiga jo‘natilgan pullar bank tomonidan qaytarib yuborilishi mumkin). 


Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.


Hurmatli "UZCARD" kartochka egalari! "UZCARD" tizimi sizni ogohlantiradi!

Hech kimga va har qanday vaziyatda plastik kartangizga taalluqli ma'lumotlarni, ayniqsa telefon raqamingizga kiruvchi SMS xabarlarni (masalan, To'lovni tasdiqlash kodi: 123456. Kodni hech kimga bermang" yoki "Kod oplati. Nikomu ne soobshayte etot kod. 123456") oshkor qilmang. Sizga yordam pulini plastik kartochkasidan o‘tkazib berayotgan noma'lum shaxs telefon orqali murojaat qilib mobil telefoningizga kelib tushayotgan SMS — kodlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bilmoqchi bo‘layotganini sezgan bo‘lsangiz, bilingki ushbu shaxs firibgarlik yo‘li bilan kartochka hisob raqamingizdagi pul mablag‘larini o‘g‘irlashga urinmoqda. Agar karta hisob raqamingizdan pul mablag‘lari o‘g‘irlanayotganini sezgan bo‘lsangiz darhol kartochkangizni olgan bankingizga kartani bloklash uchun murojaat qilishingiz yoki ushbu amaliyotni bevosita o‘zingiz mobil yoki veb ilovada bajarishingiz mumkin.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top