12:40 / 20.06.2019
102081

Nig‘matulla Yo‘ldoshev yangi bosh prokuror etib tayinlandi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 12-bandiga muvofiq Senat raisi Nig‘matulla To‘lqinovich Yo‘ldoshev O‘zbekiston Bosh prokurori etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

U bu lavozimda 2018 yil yanvaridan buyon ishlab kelgan Otabek Murodov o‘rnini egalladi.

Senatning yangi raisi parlament yuqori palatasining 21 iyun kuni chaqiriladigan 20-yalpi majlisida prezident taqdimnomasiga muvofiq senatorlar tomonidan saylanishi kutilmoqda.

Nig‘matulla Yo‘ldoshev 1962 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, Toshkent davlat yuridik institutini (hozirda universitet) tamomlagan.

U 1987 yildan 2011 yilgacha prokuratura tizimida turli lavozimlarda ishlagan, xususan, Olmaliq shahri prokuraturasida tergovchi (1987-1991), Yunusobod tumani prokuraturasida tergovchi (1991-1993), Toshkent shahri prokuraturasida katta tergovchi (1993-1994), O‘zbekiston Bosh prokuraturasida boshqarma prokurori (1995-1999), Bosh prokuratura Tergov boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i (1999-2000),  Bosh prokuraturasi tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i (2000-2003), Huquqni muxofaza qilish organlari va nazorat organlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha davlat maslahatchisi (2003-2006), Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valutaga oid jinoyatlarga va jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i (2006—2008) va Bosh prokuror o‘rinbosari (2008-2011) lavozimlarida ishlagan.

Nig‘matulla Yo‘ldoshev 2011 yilda O‘zbekiston Adliya vaziri lavozimiga tayinlangan va bu lavozimda 2015 yil yanvariga qadar ishlagan.

U 2015 yil yanvarida prezident qarori bilan senator etib tayinlangan, 2015 yilning 22 yanvarida yashirin ovoz berish yo‘li bilan Senat raisi lavozimini egallagandi.

2016 yilning 2 sentyabrida, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafotidan keyin Konstitutsiya bo‘yicha Senat raisi O‘zbekiston prezidenti vazifasini vaqtincha bajarishga kirishishi kerak edi, ammo 8 sentabr kuni O‘zbekiston parlamentining qo‘shma yig‘ilishida Nig‘matulla Yo‘ldoshev davlat boshqaruvida yetarlicha tajribaga ega emasligi tufayli bu vakolatini o‘z ixtiyori bilan o‘sha vaqtda bosh vazir bo‘lgan Shavkat Mirziyoyevga topshirgandi.

Mavzuga oid
Top