15:40 / 24.06.2019
5667

Jizzaxda shoshilinch tibbiy yordam ko‘makka muhtojmi?

Foto: KUN.UZ

Ayni paytda 1 million 330 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Jizzax viloyatida shoshilinch tibbiy yordam tizimida bir qator kamchiliklar mavjud. Bu haqida «XXI asr»  nashri xabar bermoqda.

«Shoshilinch tibbiy yordam...yordamga muhtoj» sarlavhali maqolada ta'kidlanishicha, butun viloyatda bitta ham jarrohlik reanimatsiya bo‘limi mavjud emas. 

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filiali tez tibbiy yordam bo‘limi boshlig‘i Abduvali Jonibekovning hisobotiga ko‘ra, viloyat shoshilinch tibbiy yordam tizimi ─ hududiy 220 o‘rinli filial hamda tumanlardagi jami 225 o‘rinli shoshilinch tibbiy yordam bo‘linmalaridan iborat. 

«Markazning texnik holati qoniqarli bo‘lsa-da, binolar kapital ta'mirga muhtoj. Isitish tizimi, elektr, issiq va sovuq suv tarmoqlari, oqava suv quvurlari, tom ayanchli ahvolda. Gaz quvuri aholi yashaydigan joylardan o‘tib kelayotgani sababli kuz-qish mavsumida qozonxonaning gaz bosimi o‘ta past, isitishga kuchi yetmaydi» , ─ deyiladi maqolada.

Ma'lum qilinishicha, tuman tez tibbiy yordam bo‘limi va shoxobchalari ham joriy va kapital ta'mirlash, mutaxassislarga ehtiyoj sezmoqda. Shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlarida asosiy vrachlar ta'minoti 52 foizni, tez tibbiy yordam bo‘limlarida esa 29 foizni tashkil etadi. Mutaxassislar asosan o‘rindosh vrachlar hisobiga to‘ldirilmoqda.

Top