16:00 / 25.06.2019
12361

Neymar maoshi kamayishi evaziga bo‘lsa ham «Barselona»ga qaytishga rozi bo‘ldi

Foto: Zuma/TASS

«PSJ» hujumchisi Neymar «Barselona»ga o‘tishga yaqin turibdi.

The Mirror nashri xabariga ko‘ra, braziliyalik futbolchi sobiq klubi bilan shartnoma shartlarini kelishib olgan. Bitim 5 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, unga asosan hujumchi yiliga 24 mln yevro (21 million funt sterling) maosh oladi.

Neymar «PSJ»ga o‘tguniga qadar ham «Barselona»da deyarli shuncha maosh olardi. Parijda esa unga yiliga deyarli 37 mln yevro to‘langan.

Qayd etilishicha, Neymar Kataloniyaga qaytishni qattiq xohlagani bois klubning ilk taklifiniyoq muhokamasiz qabul qilgan. Qolaversa, u shundoq ham o‘zini «PSJ»dan qaytarib sotib olish «Barsa»ga qimmatga tushayotganini inobatga olgan.

Shuningdek, Neymar «ko‘k-anorranglilar»ga sodiqligi uchun unga to‘lanishi kerak deb hisoblayotgan 26 mln yevro bo‘yicha da'vosidan ham to‘liq voz kechgan. Uning avvalgi iddaolariga ko‘ra, «PSJ»ga o‘tishidan oldin «Barselona» unga shuncha miqdorda bonus berishi kerak edi.

Neymar 2017 yil yozida 222 million yevro evaziga «Pari Sen-Jyermen»ga o‘tgan.

Bundan avvalroq Le Parisien nashri Parij klubi rahbariyati klub bilan 2022 yilgacha shartnomasi mavjud bo‘lgan Neymarning narxini 300 million yevro etib belgilagani xabar qilingandi.

Unga «Real» ham qiziqish bildirayotgandi. Madridliklarning taklifi moliyaviy jihatdan kataloniyaliklarnikidan yaxshiroq ekaniga qaramay Neymar Barselonaga qaytishni istamoqda.

Top