16:20 / 25.06.2019
11537

«O‘zbekinvest» raisiga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Rustam Baxtiyorovich Xoliqov «O‘zbekinvest» eksport-import milliy sug‘urta kompaniyasi direktorlar Kengashining 2019 yil 20 iyundagi yig‘ilishi bayoniga muvofiq «O‘zbekinvest» EIMSK bosh direktorining eksport oldi va eksport sug‘urtasi masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda «O‘zbekinvest» EIMSK axborot xizmati xabar bermoqda.

Rustam Xoliqov bunga qadar «Xalq sug‘urta» sug‘urta kompaniyasi Bosh direktori lavozimida ishlab kelgan.

Eslatib o‘tamiz, 2017 yil yozida bosh vazirning sobiq o‘rinbosari Rustam Azimov «O‘zbekinvest»ga rahbar etib tayinlangandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 24 maydagi 4337-sonli «Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qaroriga muvofiq kompaniya tuzilmasida bosh direktorning birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan edi.

Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari xizmat vazifasi eksportni sug‘urtalash orqali qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kompaniya faoliyatini muvofiqlashtirishni o‘z ichiga oladi.

Top