23:44 / 25.06.2019
47646

Tramp Eronni yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qildi

Foto: AP Photo/Evan Vucci

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron AQShga hujum qilgudek bo‘lsa, unga “katta kuch”, hattoki yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qildi. 

“Eronning AQShning biror narsasiga hujumi ulkan va ko‘proq kuch bilan qarshi olinadi. Ba'zi sohalarda ko‘proq kuch yo‘q qilishni anglatadi”, deb yozgan Tramp tvitterda.

“Boshqa hech qanday Jon Kerri va Obama bo‘lmaydi!”, deb qo‘shimcha qilgan AQSh prezidenti 2015 yilda Eron bilan yadro kelishuvini tuzgan o‘zidan avvalgi prezident Barak Obama va sobiq davlat kotibini nazarda tutib.

Oq uy rahbarining bu tviti Eron prezidenti Hasan Ruhoniy so‘zlariga javob reaksiya bo‘lgan: Vashington Eron rahbariyati va harbiy qo‘mondonlariga sanksiyalar kiritganidan so‘ng Ruhoniy AQSh ma'muriyatini “aqlan zaiflikda” ayblagan va u nima qilayotganini bilmayotganini aytgan.

“Oq uyning hatti-xarakatlari uning aqli zaifligini bildiradi”, degan Ruhoniy. U AQShning Eronga nisbatan siyosati Tramp ma'muriyatining chorasizligini aks ettirishini ta'kidlab o‘tgan.

Vashington va Tehronning o‘zi shundoq ham murakkab munosabatlari 13 iyunda Ummon ko‘rfazida ikkita neft tankeri hujumga uchragandan keyin yanada yomonlashgandi. AQSh bu hujumlarda Eronni ayblagan.

O‘tgan hafta AQSh dronining Eron tomonidan urib tushirilishi vaziyatni yanada chuqurlashtirdi. Tehron dronni o‘z havo hududida urib tushirganini, Vashington esa dron xalqaro havo hududida urib tushirilganini aytgan. Shundan keyin Tramp Eronga zarba berishni ma'qullagan, biroq zarba berilishiga bir necha daqiqa qolganda bu qarorini bekor qilgan.

Top