14:50 / 26.06.2019
4392

Bojxona qo‘mitasi: bir yil ichida O‘zbekiston chegaralari orqali avtomobil harakati 151, odamlar harakati 86 foizga oshdi

Bugun, 26 iyun kuni Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona qo‘mitasi mutasaddilari ishtirokida «Bojxona sohasida tadbirkorlar uchun yaratilayotgan qulayliklar» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Tadbirda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda bojxona ma'murchiligini soddalashtirish bo‘yicha 46ta, o‘tgan 5 oyda 27ta normativ huquqiy hujjat qabul qilingan, yana 21tasi ko‘rib chiqilmoqda. Muntazam oshib borayotgan aholi harakatlarini hisobga olib, Tojikiston bilan chegaralarda qo‘shimcha 10ta post tashkil qilingan. Bojxona va chegara punktlari orqali aholi o‘tib qaytishlari soni 2018 yil yakuniga ko‘ra 2017 yilga nisbatan 86 foizga oshgan. Bundan tashqari, import bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar soni 48 foizga, yuk deklaratsiyalari 35 foizga ortgan. Vakolatli iqtisodiy operatorlarga bojxona to‘lovlarini 20-60 kungacha kechiktirib to‘lash ruxsati berilmoqda.

2018 yilda 10ga yaqin ruxsat berish xususiyatidagi ruxsatnomalar bekor qilindi.

Aeroportlardagi yashil yo‘laklar orqali 95-96 foizgacha yo‘lovchilar harakatlanmoqda. Tartibga ko‘ra yashil yo‘lakda o‘tish erkin, muddati 15-20 daqiqa, sariq yo‘lak bojxona ko‘rigidan ozod, lekin hujjatli nazorat bo‘ladi. Qizil yo‘lakda xavf darajasi yuqori bo‘lgani uchun to‘liq bojxona nazorati o‘tkaziladi.

Qozog‘iston bilan yo‘lovchilar oqimi 6 barobar oshgani va bu umumiy yo‘lovchilar sonining yarmini tashkil qilishini hisobga olib, G‘ishtko‘prik postida yangi terminal ishga tushirilmoqda. Shuningdek, Qirg‘iziston bilan chegaradagi Do‘stlik o‘tkazish punktida ham kuniga 500dan ortiq yirik yuk mashinalariga xizmat qiluvchi terminal ishga tushirilishi kutilyapti.

4-5 soatgacha davom etadigan avtomobillar ko‘rigi 3-4 daqiqagacha qisqardi. Yo‘lovchilarni ham qo‘lda shaxsiy ko‘rik qilish o‘rniga skanerlash tizimi sinab ko‘rilmoqda va birgina shu tizim orqali Toshkent xalqaro aeroportida yo‘lovchilar yutib olgan 1,5 kg.ga yaqin oltin buyumlar ushlangan.

Tadbirda ishtirok etgan Kun.uz muxbirining «bundan bir necha yil muqaddam bojxonaga oid ma'lumotlarning aksariyatida belgilangan tartibga rioya qilmay olib chiqib ketilayotgan valuta to‘g‘risidagi xabarlar tashkil qilardi. Ammo oxirgi paytlar bunday axborot kamaydi. Bu sizlar tomondan qo‘yilgan cheklovmi, odamlar huquqiy ongi o‘sdimi yoki yana boshqa sabablar ham bormi?» degan savoliga qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Farhod Olimjonov shunday javob berdi:

— Avvalo buning sababi tushuntirishlar olib borilgani, aholi huquqiy ongi o‘sgani deb o‘ylaymiz. Bundan tashqari, hozir olib chiqishga ruxsat beriladigan valuta miqdori 2 ming dollardan 5 ming dollargacha oshirildi, bu ancha jiddiy o‘sish. Shuningdek, plastik kartalarda naqdsiz shaklda olib chiqish imkoniyati mavjud va bu juda qulay. Shunga qaramay bunday holatlar butunlay barham topgan deb bo‘lmaydi, o‘tgan yil davomida 102 ming AQSh dollari miqdorida valutani noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan. 

Top