13:48 / 27.06.2019
25066

Xususiylashtirilgan mulklar nega tortib olinyapti? 

Foto: Depositphotos

Ayrim tadbirkorlarning xususiylashtirilgan mol-mulklari xususiylashtirish jarayoni noqonuniy bo‘lgan, degan turli vajlar bilan tortib olinmoqda. Vaholanki, Qonunchilik palatasi tomonidan 2012 yil 19 iyulda qabul qilingan va Senat tomonidan 2012 yil 30 avgustda ma'qullangan « Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida» gi qonunning 24-moddasida «Davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizdir. Xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmaydi va bekor qilinmaydi», deb belgilab qo‘yilgan. 

Qonunda ta'kidlangan tartibga nomutanosib ravishda yuqoridagi kabi holatlar tez-tez uchrab turibdi. 

«Davlat tasarrufidan chiqarish jarayonining bosqichlaridan biri xatlovdan o‘tkazish hisoblanadi. Endilikda bu sohani ham xususiy sektorga,  ya'ni professional auditorlik kompaniyalariga berish ustida ish olib borayapmiz», —  deydi davlat aktivlarini boshqarish agentligi departamenti boshlig‘i Haydarov Baxtiyor.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi

Tadbirkor biror bir mulkni xususiylashtirishdan avval ma'lum bir majburiyatlarni zimmasiga oladi va belgilangan vaqt ichida ularni amalga oshirishi zarur. 

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi departamenti boshlig‘i J.Qudratovning aytishicha, o‘z vaqtida faoliyat turini saqlamagan, belgilangan investitsiya shartlarini bajarmagan, soxta hujjat qilib o‘zlashtirib olgan yoki ishchi o‘rni yaratmagan tadbirkorlardan qonunga asoslangan holda mulklari olib qo‘yilmoqda.

Tizim shaffofligini ta'minlash maqsadida

«Kichik obektlar uchun «E-IJRO AUKSION »  tashkil etilgan. Undan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri ham, bu kabi holatlarning oldini olish va jarayonga inson omili ta'siri kamaytirishdan iborat» , —  deya tushuntirish berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Ahadbek Haydarov.

Shunga qaramay, o‘tgan yillarda xususiylashtirilgan mol-mulkni tortib olish instrumenti sifatida ko‘rilayotgan uslub —  xatlovda yo‘l qo‘yilgan xato, yer-joyni noto‘g‘ri o‘lchash va boshqa vajlar ortidan turli guruhlar manfaati ilgari surilishi iddao qilinadi.

Top