15:40 / 28.06.2019
54698

Zarafshonda «GAI» bekor qilingan qoida uchun jarima undirishda davom etmoqda

Kun.uz saytiga kelib tushadigan murojaatlar juda ko‘p va bir-biridan qiziqarli. Ana shunday maktublardan biri Navoiy viloyatining uzoq hududidan, quyoshli Zarafshon shahridan yetib keldi.

Qisqa qilamiz. Fuqaro kunduzi chiroq yoqib yurmagani uchun jarimaga tortilyapti. Zarafshon «GAI»chilari (hecham YHXX, yoki YPX demaymiz-a, qiziq) yozilgan jarimani to‘lashni talab qilishmoqda. Sababi so‘ralganda javob bitta: «Siz 27 may kuni qoidani buzgansiz. 4 iyundan buyog‘iga chiroq yoqib yurilsa, to‘lamaysiz. Oldingilari uchun to‘lash shart! Bu harakatlar to‘xtatildi deysizmi? Bizga hali bu buyruq yetib kelgani yo‘q!». Bu javob berilgan sanaga e'tibor bering: 27 iyun, 2019 yil!

Holbuki, OAVda, jumladan Kun.uz saytida ham e'lon qilingan maqolalarni barcha o‘qidi:

«... Kodeksning 271-moddasiga ko‘ra ma'muriy javobgarlikni belgilovchi hujjat bekor qilingan bo‘lsa, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozim.

Qonunning yuqoridagi talablaridan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, 2019 yil 4 iyunga qadar haydovchilarga nisbatan kunduzi chiroq yoqib yurmagani uchun rasmiylashtirilgan ma'muriy bayonnomalar bekor qilinishi va ma'muriy bayonnoma bekor bo‘lishining huquqiy oqibatlari qo‘llanishi lozim.

Bunda haydovchilarimiz quyidagi 2 xil holatdan birida bo‘lishi mumkin:

1) ma'muriy bayonnoma tuzilgan, lekin hali jarima to‘lanmagan;

2) tuzilgan ma'muriy bayonnoma asosida jarima allaqachon to‘lab qo‘yilgan.

Birinchi holatda, hech qanday bahs yoki munozaraga o‘rin yo‘q, ma'muriy bayonnomalar uni tuzgan organning o‘zi tomonidan bekor qilinishi lozim va jarima to‘lash shart bo‘lmaydi.

Mayli, Zarafshon «GAI»chilarining asosiy argumenti – bu qoida bekor qilingani va jarimalar undirilmasligi to‘g‘risidagi rasmiy hujjat ularga yetib kelmaganini yoki bu qoida bo‘yicha undiruvlar hamon amalda ekanligini ham qabul qilaylik. Lekin bu bahsda ikkinchi va nihoyatda muhim jihat borki, aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Bevosita murojaat bilan tanishamiz:

«Biz Navoiy viloyati Zarafshon shahrida doimiy ruyxat asosida yashaymiz. Shartnoma asosida Zarafshonda ishlayapmiz. Mashinamiz ro‘yxati Buxoroda, davlat raqami 80.141TTF «Matiz Best».

Dadam yaqinni yorutuvchi chiroqlarni yoqmaganliklari uchun jarima qilishgandi va haydovchilik guvohnomalarini olib qo‘yishgan. Guvohnomasini so‘rab YPX xodimi oldiga borganida 4 iyundagi qarorga asosan jarimani to‘lamasliklarini aytganlar. Ammo Doston ismli YPX xodimi «biz bu qarorni bilmaymiz, to‘lab kelib, «prava»ngizni olib ketasiz», dedi. E'lon qilingan yangiliklar-chi, deganimizda, «bunaqa qaror bizga hali kelmagan» deyapti.

Bizga belgilangan jarima qog‘ozini olib o‘qib ko‘rsak, qarorda ko‘rsatilgan avtomobilning ma'lumotlari mutlaqo boshqa ekan. Jarima qog‘ozidagi avtomobil rusumiga «Neksiya 2 Sons», davlat raqami 85.141 TTF deb yozilgan (ma'lumot o‘rnida eslatma, murojaatchining avtomobili 80.141TTF «Matiz Best»)».

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida, Zarafshon posti tavsiyasiga ko‘ra, Navoiy viloyati IIB YHB 4-safarbarlik guruhi komandiri Ozodbek Hodiyev bilan bog‘landik. Bo‘lgan voqeani diqqat bilan eshitgan O.Hodiyev bu ishni tez orada o‘rganib, biz bilan bog‘lanishini bildirdi va bog‘landi ham:

– Bu qoida amal qilishdan to‘xtatildi, jarimalarni hamon undirish sababi nimada?

– Bizga bu buyruq yetib kelgani yo‘q.

– Jarima qog‘ozida boshqa avtomobilga oid ma'lumotlar ko‘rsatilgani holda, jarima boshqa avtomobil egasidan undirilishini qanday izohlaysiz?

– Bu endi texnik xato bo‘lganda... Lekin aslida shu mashina.

– Texnik xatoni kim qilgan?

– ... Bu borada ma'muriy amaliyot bo‘limi yuristi bilan gaplashdim, baribir jarimani to‘lash kerak.

Biz ham ma'muriy amaliyot bo‘limi noziri Ilhom Nurnazarovga sim qoqdik. Javoblar aytarli o‘zgarmadi: «Bizga viloyatdan buyruq bo‘lgan, 4 iyundan avvalgi jarimalar undirilsin, deyilgan».

— Jarima qog‘ozida bir avtomobil ko‘rsatilgani holda, jarima ikkinchi avtomobil egasidan undirilishini qanday izohlaysiz?

— Endi bu texnik xatoda. Inspektor xato qilgan. Lekin baribir jarima shaxsga nisbatan qo‘llaniladi, nima farqi bor?

– Haydovchi chirog‘i yonmaganini «texnik xato» deya izohlasa, jarimaga tortmaslik mumkinmi?

– Yo‘q, tortilaveradi.

– Rahmat.

Mavzuga oydinlik kiritish maqsadida IIV yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Yunusov bilan ham bog‘landik:

– Holat qiziq, lekin YHXX xodimlarining talablari asossiz emas. Sababi 9 apreldagi VM qarori to‘liq bekor bo‘lmadi, lekin 4 iyundan aynan hamma mashinalar kunduzi chiroq yoqib yursin, degan majburiyat bekor qilindi (2021 yilgacha uzaytirildi). Ya'ni bu bo‘yicha oldin qo‘llangan jarimalar undirilishi asosli. Endi masalaning ikkinchi jihati – O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 9-moddasiga ko‘ra, ma'muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlar orqaga qaytish kuchiga egadir, ya'ni ushbu hujjatlar chiqqunga qadar sodir etilgan huquqbuzarlik hollariga ham taalluqlidir. Bu o‘rinda haydovchida javobgarlikni yengillashtiruvchi holatlar bo‘lsa, jarima to‘lamasligi mumkin. Demak, bu borada uzil-kesil nuqtani sud qo‘yadi.

Jarima qog‘ozidagi xato ma'lumotlarga kelsak, murojaatchining e'tirozi asosli. Unga buni bekor qilish bo‘yicha ham sudga murojaat qilishni maslahat berardim.

– O‘zi 101 ming so‘m jarimani to‘lamaslik uchun sudga EKIH hisobida davlat boji to‘lash, shuncha hujjat to‘plash va oylab sudma-sud yurish fuqarolarga ovoragarchilik tug‘dirmaydimi?

– Yo‘q. Bunday holatda sudga bevosita borish shart emas. Fuqaro YHXX tegishli bo‘limiga borib holatni tushuntirgan holda ariza yozadi va xodimlarning o‘zi ishni sudga olib chiqishadi. Sud asosli deb topsa, jarimani bekor qiladi.

Xullas, bu masalaga uzil-kesil oydinlik kirita olmadik. Qiziq holatlar: 1. Qoida bekor qilingan, lekin jarima undirish davom etmoqda; 2. Jarima qog‘ozida bir avtomobil ma'lumotlari, lekin jarimani boshqa avtomobil egasi to‘lashi kerak.

Mavzu yuzasidan qo‘shimcha izohlarini kutib qolamiz

Abror Zohidov.

Mavzu
Faralar mojarosi
2019 yil 9 apreldagi hukumat qarori bilan, kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi belgilandi. Jamoatchilik e’tirozi ortidan mazkur talab avvaliga 2021 yil 1 yanvarga surildi, so‘ng bekor qilindi.
Barchasi
Top