21:04 / 29.06.2019
46461

«Katta yigirmatalik» uchrashuvi nimalar bilan yodda qoldi?

Yaponiyaning Osaka shahrida G20 sammiti nihoyasiga yetdi. Sammit oldidan aksariyat siyosatchilar unda hech qanday olamshumul kelishuvlar bo‘lmasligini taxmin qilgandi. Ular haq bo‘lib chiqishdi, ammo baribir sammit o‘ziga xos yorqin holatlar bilan yodda qoladigan bo‘ldi.

Mazkur sammit “yigirmatalik” tarixidagi o‘n to‘rtinchi va Yaponiyada tashkil etilgan birinchi sammit bo‘ldi.

Forum Osaka ko‘rfazidagi Sakisima sun'iy orolida bo‘lib o‘tdi.

Sammit voqealarini 7 mingga yaqin jurnalist yoritib bordi.

Asosiy “dahanaki janglar” yopiq eshiklar ortida o‘tgani uchun yuzlab jurnalistlar mayda-chuyda tafsilotlargacha e'tibor qaratishga majbur bo‘lishdi: imo-ishoralar, nigohlar va hattoki kimning nima ichishi ham ular e'tiboridan chetda qolmadi.

Masalan, tantanali kechki ziyofat vaqtida Rossiya prezidenti Putin doimo yonida olib yuradigan termosidan qaynoq choy quyib ichdi, AQSh prezidenti Tramp esa muzday koka-kola ichdi.

Sammitda global iqtisodiyot va savdo hamda zamonaviy texnologiyalar va innovatsiyalar masalalari bo‘yicha yig‘ilishlar o‘tkazildi. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha kelishuvlar imzolanmadi, zero ishtirokchilar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar juda katta edi. Shuning uchun asosiy e'tibor ikki tomonlama uchrashuvlarga qaratildi.

Rossiya-AQSh

Foto: Sputnik / Mixail Klimentev

AQSh prezidenti Donald Tramp Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchrashdi. Amerikaliklar yetakchisi bu uchrashuv avvalida rossiyalik hamkasblar bilan muzokaralardan a'lo natijalar kutayotganini aytib o‘tdi.

«Bizda juda qiziqarli muhokama bo‘ladi, bu savdo, tijorat, qurolsizlanish masalalari, shuningdek, proteksionizmni o‘z ichiga oladi… Va bularning barchasi o‘zaro yaxshi munosabatlar asosiga quriladi. Menimcha, bu uchrashuv natijalari ajoyib bo‘ladi», — dedi u.

Suhbat bir yarim soatdan ortiq vaqt davom etdi. Siyosatchilar Eron, Ukraina, Suriya, Venesuela masalalarini muhokama qilishdi.

Qurol ustidan nazorat mavzusi ko‘tarilgan vaqtda amerikaliklar prezidenti bu muzokaralarga Xitoyni ham qo‘shish zarurligini qayd etdi.

Uchrashuv boshida Donald Tramp tabassum bilan Putindan Amerikadagi saylovlarga aralashmaslikni so‘radi.

U matbuot vakillari savollariga javob berish asnosida ikki marta Putinga o‘girilib shunday dedi: «Iltimos, saylovlarga aralashmang».

AQSh-Xitoy

XXR raisi Si Tszinpin AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvida Xitoy o‘zining tub manfaatlarini himoya qilishini bildirdi.

Ikki davlat rahbarlari bir soatu 20 daqiqa suhbatlashishdi.

"Davlat mustaqilligi va qadr-qimmati bilan bog‘liq masalalarda Xitoy o‘zining tub manfaatlarini himoya qilishi shart", - dedi Si Tszinpin.

Amerika Si Tszinpin va Donald Tramp uchrashuvi yakunlariga ko‘ra Xitoy mahsulotlariga yangi bojlar kiritmaslikka tayyorligini bildirdi.

Shuningdek, keyingi vaqtda ikki mamlakat o‘rtasidagi sovuqchilik mavzusiga aylangan Huawei kompaniyasi bilan bog‘liq muammo ham yechimini topgandek bo‘ldi. Sababi, Donald Tramp Amerika kompaniyalariga Huawei kompaniyasi qurilmalarini sotishiga ruxsat berilishini aytdi.

"AQSh kompaniyalari Huawei qurilmalarini sotishi mumkin. Men milliy xavfsizlik uchun katta muammo bo‘lmaydigan qurilmalar haqida gapiryapman", - dedi Tramp.

"Ularning sotilishiga ruxsat beramiz", - deb qo‘shib qo‘ydi u.

AQSh-Turkiya

Foto: AP Photo/Susan Walsh

Donald Tramp sammit davomida Turkiya mavzusida ham izoh berdi.

U Rossiyaning S-400 zenit raketa majmualari sotib olinishi bilan bog‘liq vaziyatda Turkiya prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an aybdor emasligini aytdi.

"U hech narsa qila olmasdi, chunki bu tizimlarni allaqachon sotib olgan", - dedi Tramp.

Tramp avvalgi prezident Barak Obama davrida Turkiya Patriot raketalarini sotib olmoqchi bo‘lganini, ammo unga rad javobi berilganini ta'kidladi. AQSh prezidenti Erdo‘g‘anga nisbatan "juda adolatsiz munosabatda" bo‘linayotganini aytdi.

U shuningdek, Turkiyaga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini ham ma'lum qildi.

Qiziqarli holatlar

Sammitda albatta qiziqarli holatlar ham sodir bo‘ldi. G20 ishtirokchilari birgalikda suratga tushayotgan vaqtda ulardan qo‘llarini silkitishni so‘rashdi. Tramp esa Saudiya Arabistoni shahzodasiga o‘girilib, uning qo‘lini siqdi va nimanidir qizg‘in muhokama qila ketdi. So‘ngra esa bo‘lajak qirolning yelkasiga shapatilab qo‘ydi, bu esa protokol bo‘yicha taqiqlangan. Yana bir qiziq holat esa Tramp va Ispaniya bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Pedro Sanches o‘rtasida yuz berdi. Sanches Trampni ko‘rgach, ikkovlari bir-birlari bilan so‘rashishdi. So‘ngra Sanches Oq uy rahbariga nimadir demoqchi bo‘lganida, AQSh prezidenti unga barmog‘i bilan o‘tirgan o‘rnini ko‘rsatib, yo‘lida davom etdi. Sanches Trampning bu ishorasiga kulib qo‘yib, o‘rniga o‘tirdi.

Mavzuga oid
Top