16:30 / 29.06.2019
8303

Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta'lim muassasalarida bitiruv tantanalari bo‘lib o‘tdi

Bugun, 29 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta'lim muassasalarida navbatdagi bitiruv munosabati bilan tantanali tadbirlar o‘tkazildi.

Xususan, Qurolli Kuchlar akademiyasida o‘tgan tantanada O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, O‘zbekiston xalq artisti, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a'zosi Afzal Rafiqov, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, bitiruvchilarning ota-onalari ishtirok etdi.

Davlatimiz madhiyasi yangragandan so‘ng, bitiruvchilarga “leytenant” harbiy unvoni, diplom va ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

So‘zga chiqqanlar bitiruvchilarni samimiy muborakbod etib, keyingi xizmatida muvaffaqiyat va omadlar tiladi.

O‘zbekiston Mustaqilligining 28 yilligi arafasida qo‘shinlarga yo‘llanma olgan leytenantlar Qurolli Kuchlar shaxsiy tarkibining jangovar tayyorgarligi ma'no-mazmunini tubdan o‘zgartirish, taktik, o‘quv mashqlarini puxta rejalashtirish, ularni jangovar sharoitlarga imkon qadar to‘la yaqinlashtirgan holda olib borish tizimini takomillashtirish, harbiy xizmatchilarni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasida bor bilim va ko‘nikmalarini ishga solib, o‘zlarining munosib ulushlarini qo‘shishiga ishonch bildirishdi.

Tantanali bitiruv marosimlari Mudofaa vazirligiga qarashli Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va harbiy aloqa instituti, O‘zbekiston oliy harbiy aviatsiya bilim yurti, Chirchiq oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtida ham bayramona va ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

 

Top