02:03 / 03.07.2019
6316

Buyuk Britaniya, GFR, Fransiya va YeI Eronni o‘z uran zaxiralarini qisqartirishga chaqirdi

Foto: TASS

Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya, shuningdek, YeIning tashqi siyosat xizmati Tehrondan kam boyitilgan uran zaxirasini qisqartirish hamda Eron yadroviy dasturi bo‘yicha Qo‘shma umumqamrovli harakatlar rejasi (QUHR) mavjudligiga raxna soluvchi harakatlardan o‘zini tiyishga chaqirdi. Bu haqda dushanba kuni tarqatilgan tomonlarning qo‘shma bayonotida e'lon qilinadi.

«Biz Eronni bu qadam (QUHR bilan ruxsat etilgan kam boyitilgan uranning 300 kg.lik limitidan oshish) ni bekor qilish, shuningdek, atom bo‘yicha bitimni barbod qiluvchi boshqa harakatlardan voz kechishga qat'iyat bilan chaqiramiz. Biz QUHR tomonlari bilan jips aloqadamiz va bitim doirasida keyingi qadamlarni tezkor tartibda o‘ylab chiqamiz», — deyiladi bayonot matnida.

QUHRga ko‘ra, Eron 3,67 foizgacha boyitilgan, 300 kilogrammdan ortiq bo‘lmagan uran ftoridi (UF6) ga ega bo‘lishi mumkin, bu 202,8 kg sof uran miqdoriga teng.

«Fransiya, Germaniya, Birlashgan Qirollik, shuningdek, [YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha] oliy vakili Eronning Qo‘shma umumqamrovli harakatlar rejasida ko‘zda tutilgan kam boyitilgan uran zaxirasi limitidan o‘tgani haqidagi e'lonidan chuqur tashvishda. Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) ham bu ma'lumotni tasdiqlagan, — deyiladi bayonotda. — Biz izchillik bilan aniq-tiniq qilib yadroviy bitimga sodiqligimiz Eron uning shartlariga to‘liq rioya etish-etmasligiga bog‘liq ekanligini bayon etib keldik. Biz yadroviy qurolni tarqatmaslikning asosiy vositasiga shubha tug‘diruvchi Eronning ushbu qaroridan taassufdamiz».

Majburiyatlardan bosh tortish xronologiyasi

Eron yadroviy ma'lumotlariga doir muammo 2018 yilning 8 mayida AQSh QUHRdan bir tomonlama chiqishi va Tehronning neft eksporti sohasiga Amerika sanksiyalarining joriy etilishi ortidan keskinlashdi. Roppa-rosa bir yil o‘tgach, 2019 yilning 8 mayida Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Eron yadroviy bitim bo‘yicha ayrim majburiyatlarni to‘xtatishini va boshqa ishtirokchilarga uni bajarishga kirishish uchun olti oy vaqt ajratishini e'lon qildi. Eron Islom Respublikasi niyati o‘zida mavjud to‘yintirilgan uran va og‘ir suvni boshqa davlatlarga sotishni 60 sutkaga to‘xtatishiga bog‘liq.

QUHR Eron hamda BMIT Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zolari (Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, AQSh, Fransiya) va Germaniya bilan 2015 yilda tuzilgan. Bitim Tehronning yadroviy ishlanmalarini cheklash evaziga BMT sanksiyalari hamda AQSh va YeIning bir tomonlama cheklovchi choralarini bekor qilishni nazarda tutgan. Eron o‘shanda 15 yil davomida uranni 3,67 foizdan ortiqqa boyitmaslik va boyitilgan uran zaxirasini 300 kilogrammdan ortiq bo‘lmagan miqdorda ushlash, shuningdek, og‘ir suvga moslashgan qo‘shimcha reaktorlarni barpo etmaslik, og‘ir suvni to‘plamaslik va yadroviy portlovchi qurilma ishlab chiqish bilan shug‘ullanmaslik majburiyatini olgan.

Dushanba kuni Tasnim agentligi o‘z manbalariga tayangan holda, yevropaliklar tomonidan banklararo INSTEX mexanizmi joriy etilganiga qaramasdan, Eron 7 iyuldan so‘ng QUHR bo‘yicha majburiyatlarini kamaytira borishini xabar berdi. Taxmin qilinishicha, ikkinchi bosqich doirasida Tehron uranni 3,67 foizdan ortiq boyitmaslik taqiqiga rioya etishni bas qiladi, shuningdek, QUHR imzolangunga qadar qabul qilingan va qurol uchun ishlatiluvchi plutoniy ishlab chiqarish imkonini beruvchi Araqdagi atom reaktorini modernizatsiya qilishning dastlabki rejasiga qaytadi.

Top