14:09 / 03.07.2019
9303

Retsept asosida beriladigan dorilarni elektron tijorat orqali sotish taqiqlandi

Foto: Valeriy Matytsin/TASS

Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.

Kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq, elektron tijorat orqali faqat retsepsiz beriladigan dorilar va tibbiyot buyumlarini sotish mumkin.

Dorilarni faqat farmatsevtik ma'lumotga ega mutaxassislar chakana sotishi mumkin.

Shuningdek, kiritilgan qo‘shimchalar bilan dorilar va tibbiy buyumlarni elektron tijorat orqali sotishda dorixonalar veb-saytlar va mobil ilovalarda bir qator ma'lumotlarni joylashtirishi kerakligi belgilandi.

Xususan, veb-saytlar va mobil ilovalarda sotiladigan dorilar va tibbiy buyumlar haqida ma'lumot, qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma, narxi, ularning analogi haqida ma'lumotlar bo‘lishi kerak.

Retsept asosida dorilar berilganda farmatsevt retseptning yirtma koreshogiga berilgan dorining nomi, seriya raqami, farmatsevt familiyasi, ismi, otasining ismini yozib, uni imzolaydi va dorixonaning shtampini qo‘yib bemorga beradi.

Dorilar elektron retsept bilan berilganda yuqoridagi ma'lumotlar “Farmatsevtika mahsulotlarining harakatini nazorat qilish va hisobga olishning axborot tizimi”ga kiritiladi va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.

Qaror rasman e'lon qilingan kundan boshlab 3 oydan so‘ng kuchga kiradi.

Top