19:52 / 03.07.2019
62935

Moliya vazirligi paxtaning taxminiy yangi xarid narxini ma'lum qildi

Taxminiy hisobga ko‘ra, o‘zbek paxtasi tannarxida umumiy qiymatning 10-12 foizi qo‘shilgan qiymat solig‘ini tashkil etadi.

Moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonovning aytishicha, 1 tonnasi 4 million so‘mdan xarid qilinayotgan paxtaning tannarxi 3 million 650 ming so‘m atrofida qiymatlanadi.

«Moliya vazirligi taklif loyihasini ishlab chiqmoqda. Unga ko‘ra, fermerdan paxtani xarid qilish narxi 4400 yoki 4500 so‘m bo‘lishi mumkin. Shunda paxta xaridida QQS joriy etilishi fermerga ziyon qilmaydi. Uning daromadliligi pasaymaydi», — deydi u.

Hukumat paxta xarid narxida 10-12 foizli oshirilgan qiymatni maxsus jamg‘arma mablag‘lari orqali qoplanishini bildirmoqda.

Ta'kidlanishicha, joriy paxta mavsumida xarid uchun 200 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi. 

«Bu o‘z navbatida to‘qimachilik korxonalari tomonidan qoplanishi kutilmoqda. Zanjir paydo bo‘lsa, yengil sanoatda raqobat kuchayadi va tovar tannarxi tusha boshlaydi. Korxonalarning daromadliligi oshib, tushumlar ko‘payishi kerak», — deydi Moliya vaziri o‘rinbosari Sultonov.

Mavzuga oid
Top