12:39 / 03.07.2019
11708

Uch oydan ortiq muddatda xorijda bo‘lib qaytgan shaxslar OIVga majburiy ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi mumkin

Foto: Shutterstock

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori loyihasiga tushuntirish xatida aytilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida” PQ-4193-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida “Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaror loyihasi tayyorlandi.

Bildirilishicha, qaror qabul qilinishi bilan O‘zbekiston Respublikasida shaxslarni odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish bo‘yicha yagona tartib belgilanadi va aholini OIVga tekshirishlar bilan qamrab olish ko‘rsatkichi oshib, uning sifati yaxshilanadi.

OIV infeksiyasi epidemiyasining rivojlanishida aholining migratsiya jarayonlari muhim o‘rin egallaydi. Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lgan fuqarolar ko‘p hollarda noodatiy sharoitga tushadilar hamda xulq-atvorga ta'sir etuvchi bir qator omillar natijasida ularga OIV infeksiyasi yuqishi xavfi ortadi. Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga tekshiruv uchun qamrab olishdan maqsad OIV infeksiyasining yuqtirilgandan keyin yashirish davri (tegishli laboratoriya tekshiruvlarida xam aniqlanmasdan qolish davri) uch oy bo‘lganligi uchun ushbu muddatda ichida xorijda bo‘lgan shaxslarni majburiy tekshiruv bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Mehnat migrantlari kasallikni yuqtirib olgandan so‘ng, o‘z yurtiga qaytganida uni oila-a'zolariga yuqtirishi ehtimoli mavjud. O‘z yurtiga deportatsiya qilingan OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslar o‘zining OIV bo‘yicha maqomini sir tutadi, bu bilan o‘z turmush o‘rtoqlarini xavf ostiga qo‘yadi. Natijada OIV infeksiyali farzandlarning tug‘ilishi va kasallik aholining umumiy qatlamiga o‘tishiga sabab bo‘ladi.

Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lgan shaxslar xavfli xulq-atvorni o‘zida sinab ko‘rishga ko‘proq moyil bo‘lgan aholi qatlamiga mansub bo‘lib, ularning jinsiy yo‘l bilan OIV infeksiyasini o‘ziga yuqtirib olish ehtimoli muqim(turg‘un) aholiga nisbatan yuqoriroqdir. Boshqa davlatda bo‘lish davrida orttirilgan xavfli xulq–atvor va yangi odatlar ular o‘z yashash joylariga qaytib kelganlaridan keyin migrantlarni yanada xavfli guruhga aylantirishi mumkin. Mehnat migrantlarining OIV infeksiyasi bo‘yicha bilim saviyasining pastligi esa OIVni yuqtirishiga va infeksiyani doimiy yashash manziliga olib kirishiga imkon yaratadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra o‘tgan 2018 yilni 11 oyi davomida 422471 nafar shaxs xorijiy davlatlarga chiqib faoliyat yuritganligini aytib OIV infeksiyasiga tekshiruvdan o‘tkazilgan.

Respublikada mehnat migrantlari orasida OIV bilan kasallanish ko‘rsatkichi yildan yilga ortib bormoqda. Agar 2018 yilni 11 oyida 571 nafar mehnat migrantida OIV infeksiyasi aniqlangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2017 yilni 11 oyida 525 nafarni tashkil etgan bo‘lib kasallanish ko‘rsatkichi 8,0 foizga ortgan.

Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish qoidalarida alohida bob bilan “Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga majburiy ravishda tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish Tartibi” belgilab qo‘yilmoqda.

Uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga tekshiruv juda muhim hisoblanadi. Chet davlatdan kirib kelgan shaxs to‘g‘risida ma'lumot qancha tez tibbiyot muassasasiga yetkazilsa, uni OIVga tekshirish shuncha samarali hisoblanadi. Chet davlatdan qaytayotgan shaxs chegarada ro‘yxatdan o‘tgandan keyin uyiga 1 soatdan (chegara joylashgan viloyatdan bo‘lsa) 18 soatgacha (eng uzoq hududlarga yetib borguncha) vaqt ketadi. Shu muddat ichida bu shaxs to‘g‘risidagi ma'lumot yashash joyidagi tibbiyot muassasasi va mahalla uchastka noziriga yetkazilishi kerak. Ma'lumotni olgan tibbiyot muassasasi va mahalla uchastka noziri shaxsning yaqinlarini ogohlantiradi va tegishli tayyorgarlik ishlarini amalga oshiradi.

Shaxs to‘g‘risidagi ma'lumotni belgilangan muddatdan kech taqdim etilishi kasallikni bemorning turmush o‘rtog‘iga va yaqinlariga yuqish xavfini oshiradi.

Shuni inobatga olib, tartibda uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatda bo‘lib, O‘zbekistonga qaytgan har bir shaxs to‘g‘risidagi ma'lumot shu zahoti elektron yo‘l bilan ijrochilarga yetkazilishi tizimini yaratish choralarini ko‘rish shartligi belgilab qo‘yilmoqda. Ma'lumotlarni ma'lum vaqt oralig‘ida (har 8 soatda, bir kunda bir marta yoki sutkada bir marta) yetkazilishi, tadbirning samaradorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi va kasallikni boshqalarga yuqtirish xavfini oshiradi.

Yuqorida qayd etilganlarni inobatga olgan holda, uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga majburiy ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi ishlab chiqildi. Mazkur tartib bilan aloqador vazirlik va idoralarning (Ichki ishlar vazirligi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish Respublika Kengashi, Sog‘liqni saqlash vazirligi Moliya vazirligi) ushbu yo‘nalishdagi aniq vazifalari, mas'uliyati belgilab beriladi.

Bunda, Ichki ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari tomonidan Fuqarolarni yagona avtomatlashtirilgan hisobga olish tizimiga kiritilgan ma'lumotlar asosida uch oydan ortiq vaqt davomida xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslar ro‘yxatini o‘n ikki soat vaqt ichida hududiy ichki ishlar organlari orqali fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (Mahalla qo‘mitalari)ga taqdim etadi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari (Mahalla fuqarolar yig‘ini) Ichki ishlar organlari tomonidan berilgan ro‘yxat asosida mahalla hududidagi manzillarda yashovchi, uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslar o‘rtasida OIV infeksiyasining profilaktikasi bo‘yicha tushuntirish-targ‘ibot ishlarini amalga oshiradi va ularni OIVga majburiy tibbiy tekshiruv uchun tibbiyot muassasasiga yo‘naltirilishini amalga oshiradi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tibbiyot muassasasiga yo‘naltirilgan, uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga ekspress usulida tibbiy tekshiruvdan o‘tishlarini ta'minlaydi.

Moliya vazirligiga uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish uchun test-sistemalarni, shprits, skarifikator, reagentlar va boshqa sarflanuvchi materiallarni xarid qilish uchun davlat budjetidan zarur mablag‘ ajratilishini ta'minlash vazifasi yuklatiladi.

Tartib ijrosini ta'minlash bilan uch oydan ortiq muddatda xorijiy davlatlarda bo‘lib qaytgan shaxslarni qisqa vaqtda OIV infeksiyasiga bepul tekshiruvlar bilan to‘liq qamrab olib, kasallanganlarni erta aniqlash orqali infeksiyani bemorning yaqinlariga yuqishini oldini olishni ta'minlaydi.

Qoidalarda belgilangan tartib qabul qilinishi O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetidan qo‘shimcha 30,0 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishini talab etadi, deyiladi tushuntirish xatida.

Ma'lumot uchun: OIV infeksiyasiga bir nafar shaxsni tezkor-ekspress usulda tekshirish uchun test-sistemaning narxi 15 ming so‘mni tashkil etadi 

Mavzuga oid
Top