13:43 / 04.07.2019
10436

Frenk Lempard «Chelsi» bosh murabbiyi etib tayinlandi

«Chelsi» sobiq yarimhimoyachisi Frenk Lempardni bosh murabbiy lavozimiga tasdiqladi.

Image

Klub rasmiy saytiga ko‘ra, 41 yoshli murabbiy bilan 3 yillik shartnoma imzolangan.

«Chelsi»ga bosh murabbiy bo‘lib qaytish – men uchun cheksiz sharaf. Bu klub va u bilan birga bosib o‘tgan yo‘limizni qanchalik e'zozlashimni barcha biladi.

Bor diqqat-eʼtiborim ishga, yangi mavsum tayyorgarligiga qaratilgan. Bu yerga astoydil mehnat qilish va klubga muvaffaqiyat keltirish uchun keldim. Ish boshlashni sabrsizlik bilan kutyapman», – degan Lempardning so‘zlarini keltirdi «Chelsi» matbuot xizmati.

Ingliz matbuotidagi xabarlarga qaraganda, Lempard yangi lavozimida yiliga 4,5 mln yevro maosh oladi. «Ko‘klar», shuningdek, xuddi shuncha miqdorda «Derbi Kaunti»ga kompensatsiya puli to‘laydi.

Ma'lumot uchun, Frenk murabbiylik faoliyatini 2018 yil may oyi oxirida boshlagan edi. Uning debyut mavsumida «Derbi Kaunti» Chempionshipda 6-o‘rinni olib, APLga chiqish pley-offi finalida «Aston Villa»ga yutqazdi (1:2).

Eslatib o‘tamiz, Lempard 2001-2014 yillarda «Chelsi»da o‘ynagan va 13ta sovrin egasiga aylangan. U 211ta gol bilan «aristokratlar» tarixidagi eng yaxshi to‘purar sanaladi.

Yevropa ligasining amaldagi g‘olibi, APLda bronza medali sohibi «Chelsi» bir yillik tanaffusdan so‘ng Chempionlar ligasiga qaytgan.

«Ko‘klar» mavsumni 11 avgust kuni «Manchester Yunayted»ga qarshi APL 1-tur o‘yini bilan boshlaydi. «Old Trafford»dagi uchrashuvdan 3 kun o‘tib, 14 avgustda Lempard jamoasi «Liverpul»ga qarshi Yevropa Superkubogi uchun maydonga chiqadi. O‘yin Istanbuldagi «Vodafone Park»da bo‘lib o‘tadi.

Top