18:37 / 04.07.2019
8789

Namangan viloyatidagi ilk parashyut seksiyasi tantanali ochildi

O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi tasarrufidagi Pop tumani o‘quv-sport texnika klubi qoshida viloyatdagi ilk parashyut sport seksiyasi ish boshladi.

Yangi sport seksiyasining ochilish marosimi, “Tokio sari yo‘l” shiori ostida bugun, 4 iyun kuni, O‘zbekiston bo‘ylab o‘tkazilayotgan Xalqaro Olimpiya kuni sport tadbirlari bilan birgalikda o‘tkazildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti viloyat kengashi, Pop tumani hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari rahbariyati, Milliy gvardiya va harbiy qismlar askarlari, viloyatdagi tumanlar o‘quv-sport texnika klublari vakillari, sportchi yoshlar, maktab o‘quvchilari, maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi.

Tantanali ochilish marosimini Pop tumani hokimi Azamjon Sultonov kirish so‘zi bilan ochdi.

“Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi raisi Ahmadjon A'loxo‘jayev, o‘z so‘zida O‘zbekiston Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4061-sonli qarori ijrosi doirasida parashyut sporti bo‘yicha tashkil etilgan mazkur sport seksiyasi, mamlakatda parashyut sportini rivojlantirish, qo‘llab-quvvatlash va ommalashtirish, fuqarolarning mazkur sport turiga qiziqishini shakllantirishga xizmat qilishini ta'kidladi.

Tadbirda harbiylarning hamda maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining ko‘rgazmali chiqishlari tashkil etildi. Turli musobaqalarda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyati kengashi tasarrufidagi O‘STKlar jamoalari a'zolari sovg‘alar bilan taqdirlandi. Shuningdek, namanganlik yosh konstuktorlar tomonidan tayyorlangan raketa modellarini uchirilishi bo‘lib o‘tdi.

So‘ngra parashyut sport seksiyasining ramziy lentasi qirqildi. Parashyut sporti bilan shug‘ullanish imkonini beruvchi viloyatdagi ilk sport seksiyasi, parashyut tizimlari, anjomlar va trenajyerlar bilan, shuningdek, o‘quv-metodik va ko‘rgazmali qurollar bilan to‘la jihozlangan. Shuningdek, vodiy viloyatlari o‘quv-sport texnika klublaridagi birinchi 17 metrlik parashyutdan sakrash minorasi ham mavjud.

Dilmurod Jumaboyev,
Hotam Mamadaliyev olgan suratlar

Top