21:20 / 04.07.2019
12789

Prezident bataloni harbiy xizmatchilarining 100 nafari rag‘batlantirildi 

Kecha, 3 iyul kuni Samarqand shahridagi harbiy qismda Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Aybek Saidov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan batalon taktik guruhi shaxsiy tarkibini pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan rag‘batlantirdi. Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu batalonlarda asosan xizmatga endigina chaqirilgan hamda 30 yoshdan oshmagan yigitlar xizmat o‘taydi. Batalon shaxsiy tarkibining tayanchi amaliy mashg‘ulotlar hisoblanadi. Prezident ta'biri bilan aytganda, taktik guruhlarda asosan uylanmagan yosh harbiy xizmatchilar xizmat o‘tashi ko‘zda tutilgan. Ular asosan ekipirovka, qurol-aslaha hamda og‘ir yuk qopi bilan uzoq masofalarga harakatlanib, manyovrlarni amalga oshiradi. Tungi mashg‘ulotlar, jangovar texnikalarni haydash ko‘nikmalari hamda yashash va xizmat muhiti jangovar sharoitlarga yaqin holatda o‘tadi. Shu sababdan qo‘llanilishi va vazifasi bilan farqlanadi.  

"Markaziy harbiy okrug barcha okruglar ichida ilg‘or bo‘lishida ushbu batalonning alohida o‘rni bor. Shu sababdan bugun ulardan 100 nafarini rag‘batlantirdim", – deya ta'kidladi qo‘mondon tantanali marosimda. – "Bu kabi rag‘batlantirishlar har oyda bo‘ladi. Kim a'lo xizmat qilsa, shunga yarasha mukofot oladi. Navoiy, Jizzax hamda Samarqand viloyatida joylashgan harbiy qismlarda xizmat qilayotgan ofitserdan tortib, yosh oddiy askarlargacha e'tibordan chetda qolmaydi".

Shuningdek, tadbirda ishtirok etayotgan turli mutaxassislik vakillari, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda hissa qo‘shayotgan nafaqadagi harbiy xizmatchilar, keksa avlod vakillari ham munosib taqdirlandi.

Top