09:30 / 07.07.2019
45523

Messi Chiliga qarshi o‘yinda chetlatildi. Hakam undan qasd oldimi?

Amerika Kubogining uchinchi o‘rni uchun Argentina va Chili o‘rtasida kechgan bahsni ancha vaqt eslab yuradigan bo‘lishdi - Lionel Messi o‘yinning birinchi bo‘limidayoq chetlatilgani uchun.

Amerika Kubogi
3-o‘rin uchun o‘yin
Argentina - Chili - 2:1
(2:0)
Gollar: Aguero, 12 (1:0). Dibala, 22 (2:0). Vidal, 59 - penalti (2:1). 
Argentina: Armani, Foyt, Petssela, Otamendi, Talyafiko, Paredes, de Paul, Lo Selso (Funes Mori, 90), Messi, Aguero (Suares, 81), Dibala (Di Mariya, 67).
Chili: Arias, Dias, Medel, Xara (Maripan, 50), Isla, Pulgar, Vidal, Arangis (Kastilo, 83), Bosejur, Vargas, Sanches (Fernandes, 17).
Ogohlantirishlar: Bosejur, 16. Vidal, 26. Pulgar, 45+1. Petssela, 57. Paredes, 64. Foyt, 79. Talyafiko, 90+3. 
Chetlatishlar: Messi, 37. Medel, 37. 

Argentinaning motivatsiyasi
Amerika Kubogining uchinchi o‘rni uchun bahs Argentina terma jamoasi uchun ahamiyatli edi. Chililiklar ikki marta Lionel Messi boshchiligidagi Argentinani Amerika Kubogi finalida mag‘lubiyatga uchratgandi. Ikki o‘yinda ham asosiy vaqt 0:0 hisobida yakunlangan va chililiklar penaltilar seriyasida omadliroq bo‘lishgandi. 2015 yilgi finalda Messi penaltini aniq amalga oshirgan yagona argentinalik futbolchi bo‘lgandi, 2016 yilda esa «Barselona» hujumchisi «nuqta»da adashgandi.

Bu safargi Amerika Kubogida Argentinani mezbonlar - Braziliya terma jamoasi finaldan mosuvo etdi. Leo va «albiseleste»ning boshqa yulduzlari Braziliyaga qarshi o‘yindan keyin hakamning qarorlaridan norozi bo‘lishdi, yaqqol penalti beriladigan vaziyatlarda hakamlar videotakrorlarga murojaat etmaganiga e'tiroz bildirishdi.

«Hakamlar bu turnir davomida o‘yinlarda arzimagan vaziyatlarda VAR tizimidan foydalanishdi. Bugun esa hatto bu moslamani qimirlatib qo‘yishmadi. Hakamning barcha ahmoqona qarorlari Braziliya foydasiga bo‘ldi. Kartochkalarni faqat biznikilarga ko‘rsatishdi. Bizning futbolchilarga ochiqchasiga qo‘polliklar qilindi, hakam bu holatlarga ko‘z yumdi. Bu holat butun o‘yin davomida kuzatildi - bizni hadeb o‘yindan chalg‘itishdi. KONMeBOL bu holat bo‘yicha nimadir qilishga umid qilish qoldi, xolos. Ammo bunday bo‘lmasa kerak, axir Braziliya bu tashkilotda juda katta ta'sirga ega», degandi o‘yindan keyin Messi.

Shunday ekan, Chiliga qarshi o‘yin arafasida argentinaliklar yetarlicha motivatsiyaga ega edilar.

Messining chetlatilishi
Messi ilk daqiqalardanoq to‘liq kuch bilan o‘yinga qo‘shildi va raqib himoyachilar ta'qibida bo‘ldi. Vaziyatlardan birida u maydon markazida to‘pni egallab oldinga yugurdi, qarshisidan chiqqan ikki futbolchini aldab o‘tdi, uchinchisi esa uni yiqitdi. Chililiklar hakam hushtagini kutib turishganida Leo to‘pni o‘yinga kiritib yubordi - uning kesuvchi pasi Serxio Agueroni darvozabon bilan yakkama-yakka holatga chiqardi. Argentina hisobda oldinga chiqib oldi - 1:0.

Chetlatilishigacha Messi jarima zarbasini ijro etishga (zarbani darvozabon qaytardi) va Paulo Dibalani qulay vaziyatga chiqarishga ulgurdi, «Yuventus» hujumchisi yo‘llagan zarba biroz xato ketdi.

Qayd etish kerakki, ilk daqiqalardanoq chililiklar Messini juda qo‘pollik bilan kutib ola boshlashdi. Ayniqsa terma jamoa sardori Gari Medel. O‘yin boshida Leoga qilgan qo‘polligi uchun unga sariq kartochka ko‘rsatilgandi. Ammo bu unga kor qilmadi. 37-daqiqada u Messi bilan kontaktdan keyin unga tashlandi.

Paragvaylik Gerostrat
Endi Mario Albeto Dias de Vivarni hamma taniydi. Uzun va qiyin ismiga qaramasdan. Bu unga erishdi. Lekin uni «Leo Messini nohaq chetlatgan paragvaylik masxaraboz» deb eslashlariyam mumkin.

Dias de Vivar o‘yin boshidanoq g‘alati hakamlik qila boshladi. Birinchidan, u tinimsiz hushtak chaldi va o‘yinni to‘xtatib qo‘yaverdi. Ikkinchidan, sariq kartochkalarni ayamay tarqatdi. Holbuki ko‘p holatlarda u qo‘lini cho‘ntagiga tiqmasa ham bo‘lardi. Yoki Medel Messiga yana bir marta fol ishlatganida unga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatishi ham mumkin edi.

37-daqiqada esa apofeoz yuzaga keldi. Dibala uzun pas bilan Messini oldinga tashladi, ammo argentinaliklar sardori to‘pga ulgurmadi. Medel uning yo‘lini to‘sdi va to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketishiga erishdi. Bu vaqtda o‘zini to‘xtata olmagan Messining qo‘li Medelning yelkasiga tegib ketdi, chililik futbolchi esa o‘girilib javob qaytardi - ko‘ksini raqibning ko‘ksiga ura boshladi. Yugurib kelgan hakam esa ularning ikkisiga ham qizil kartochka ko‘rsatdi. Holbuki u bu vaziyatda ikki futbolchini ham tinchlantirishi va hech qanday kartochka ko‘rsatmasligi ham mumkin edi. Arbitr yordamchisi bilan muloqot qildi, lekin videotakrorga murojaat qilmadi.

Balki u Messidan hamkasblarini tanqid qilgani uchun qasos olgandir, balki argentinalik futbolchi KONMeBOLni tanqid qilgani uchun jazolangandir. Bu Messi terma jamoa o‘yinlarida ikkinchi marta maydonni tark etishi bo‘ldi - birinchisi uning debyut o‘yinida, 2005 yili Vengriyaga qarshi o‘yinda ro‘y bergandi. O‘shanda Markus Merk Messini maydonga chiqishidan 47 soniya o‘tib qo‘li raqibning yuziga tegib ketgani uchun qizil kartochka ko‘rsatgandi.

O‘yin davomi
Chililiklar yuqori pressing qilishdi va qopqonga tushishdi. Ular uch nafar markaziy himoyachi bilan o‘ynashdi. Argentina termasi Reynaldo Rueda jamoasini kesik paslar bilan dog‘da qoldirdi. O‘yin boshidayoq chililiklar yetakchisini yo‘qotgandi - 15-daqiqada Aleksis Sanches jarohat oldi va maydonni tark etishga majbur bo‘ldi. O‘yindagi ikkinchi golni Jovanni Lo Chelsoning pasidan keyin Dibala urdi. Xuddi birinchi golga o‘xshash holat.

Tanaffusga qadar chililiklar raqib darvozasi tomon biror marta zarba bera olmadi. Ikkinchi bo‘limda esa de Vivar ularga hisobni qisqartirishda yordamlashib yubordi. 59-daqiqada u VAR yordamidan foydalanishga qaror qildi va holatni ko‘rib chiqqach 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. Bahsli vaziyat. Charles Arangisning bir oyog‘i raqib jarima maydoni ichida edi, Lo Chelso tekkan ikkinchi oyog‘i esa chiziqdan tashqarida edi. Paragvaylik hakam bu holatni penalti deb topdi.

O‘yinda to‘qnashuvlar shu qadar ko‘p bo‘ldiki, Argentina va Chili uchinchi marta ham finalda o‘ynayotgandek edi. Hakam Chilining yana bir necha futbolchisini qo‘polliklar uchun maydondan chetlatishi mumkin edi, ammo u o‘xshash qo‘polliklar uchun turlicha qarorlar chiqardi. Futboldagi videotakrorlar juda ajoyib vosita, ammo inson omili barchasini yo‘qqa chiqarishi mumkin.

Nima bo‘lganda ham Lionel Skaloni jamoasi Chilidan qasos olishga erishdi, hisob yirik ko‘rinish olishi ham mumkin edi, ammo o‘yinning qolgan qismida Aguero bir necha marta qulay imkoniyatlardan foydalana olmadi.

Bunday VAR kimga kerak?
Dias de Vivar o‘yinda nazoratni qo‘ldan chiqardi ham deylik. Ammo videohakamlar borku? Bu vosita qizil kartochka ko‘rsatish bo‘yicha holatlarni ham ko‘rib chiqishi mumkin. Bu safar u qayerda edi? Videohakamlar nega indashmadi? Yoki janob Dias de Vivar ularga jim bo‘linglar, men o‘zim barchasini ko‘rib turibman deganmikin?

Asosiysi bunday tizimga ishonch bormi? Gap Messiga qizil kartochka ko‘rsatilganida emas, u ham boshqa futbolchilar qatori qoidalar oldida teng. Gap shundaki, uni nohaq chetlatishdi. Aslida adolatni ta'minlashi kerak bo‘lgan tizim esa bu vaziyatda hech narsa qila olmadi.

Argentina terma jamoasi darvozasiga penalti belgilashda esa bu tizim qo‘l keldi.

Messi qaytadimi?
Bu adolatsizlikdan keyin Messi yana Argentina safida to‘p surishda davom etishiga umid qilish mumkin. Braziliya bilan o‘yindan keyin undan keyingi yilda Argentina mezbonligida bo‘lib o‘tadigan Amerika kubogida ishtirok etishi haqida so‘rashgandi. U esa agar jamoaga kerak bo‘lsa o‘ynashda davom etishini aytgandi. Argentinada unga usiz yangi jamoa tuzishmoqchiligini aytadigan odam bo‘lmasa kerak.

Leo terma jamoadagi faoliyatini bunday mojaroli notada yakunlashni istamasa kerak.

Mavzuga oid
Top