20:00 / 07.07.2019
27665

Temir yo‘llar institutida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda? 

1931 yili O‘rta Osiyo temir yo‘l muhandislari instituti sifatida tashkil topgan, ayni paytda «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti o‘z profilini kengaytirmoqda. 

Oliygohda 22 ta kafedra faoliyat olib boradi, 20 ta bakalavriat va 15 ta magistratura ta'lim yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydi. Oliy ta'lim muassasasidagi o‘zgarishlar bo‘yicha prorektor Abdulaziz G‘ulomov Kun.uz'ga intervyu berdi. 

─ Temiryo‘l instituti faqat bitta yo‘nalish uchun kadr chiqaradi, bitta soha uchun ishlaydi, «Temiryo‘l» ning o‘zi ham monopol tashkilot bo‘lganligi uchun, institut boshqalarga kadr yetishtirmaydi, deyishadi. Hozirgi qabul jarayonida ham buyurtmachi bitta bo‘ladi, degan qarash yuradi. Har yili qabul jarayonida kadr buyurtmachisi bitta bo‘lib qoladimi? Bu yilgi qabulning o‘tgan yilgilaridan farqi bormi?

─ Bu qarash noto‘g‘ri. Biz bitta korxona uchun ishlamaymiz. Albatta, asosiy kadrlar iste'molchisi «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ tarkibiga kiruvchi korxona va tashkilotlar hisoblanadi. Shunga qaramay, institutda juda ko‘p yo‘nalishlar, xususan umumiy transport, logistika, qurilish, iqtisodiyot va biznes, kasb ta'limi yo‘nalishlari ham mavjud. Nafaqat «O‘zbekiston temiryo‘llari»ga, balki iqtisodiyotdagi turli sohalar uchun kadr tayyorlaymiz.

Ilgari alohida bo‘lgan «O‘zbekko‘mir», «Toshkent metropoliteni» ham temiryo‘l tizimiga o‘tkazildi. Hozir esa ularga ham kadr tayyorlaymiz. Joriy yildan konchilik ishi, ko‘mir qazib olish bo‘yicha ham kadr tayyorlashni boshlaymiz. Bu biz uchun yangi soha. Shuning uchun chetdan o‘qituvchilarni jalb qilish rejalashtirilgan.

─ Profilga mos bo‘lmagan sohalarni qamrab olishning samaradorlikka salbiy ta'siri yo‘qmi?

─ Yo‘q, salbiy ta'siri yo‘q. Har bir ta'lim yo‘nalishining o‘z me'yoriy hujjatlari bo‘ladi, professor, o‘qituvchilarni jalb qilish kerak bo‘ladi. Agar jarayon to‘g‘ri tashkil etilsa, boshqa ta'lim yo‘nalishlarini ham qamrab olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Lekin bu vazifaning o‘ziga yarasha qiyinchiligi borligini e'tirof etish kerak.

Yangi tashkil etiladigan konchilik ishi yoki o‘tgan yili tashkil etilgan Dronlarni loyihalash va ekspluatatsiya qilish ishi bo‘yicha ma'lum jihatdan ancha ishlashga to‘g‘ri keldi. Dunyoda tan olingan dron ishlab chiqaruvchi korxonalar, oliy ta'lim muassasalariga mutaxassislarni yuborib, tayyorladik.

─ O‘tgan yili kirish test imtihonlari bir necha kun davomida o‘tkazildi, bu yil esa uchta yo‘nalishga hujjat topshirish imkoniyati mavjud. Magistratura uchun imtiyozlar bor, maqsadli qabul kvotalari mavjud. Bunday o‘zgarishlar Temir yo‘llar institutiga ham tatbiq etilyaptimi?

─ Albatta. Bu yil yangi tartibdagi qabul rejalashtirilgan. Inson hayoti xavfsizligi masalasi yuqori o‘rinda turadigan korxonalar uchun kadr tayyorlaganimiz bois ularning sog‘ligiga bo‘lgan talab ham yuqori. Masalan, svetoforni ko‘ra olishi uchun daltonizm bo‘lmasligi lozim. Institutga hujjat topshirish jarayonida ixtisoslashtirilgan tibbiy ko‘rik jarayoni o‘tkaziladi. Boshqa OTMlarda davlat xizmatlari agentligi orqali hujjat topshirish tizimi yo‘lga qo‘yildi, tibbiy ko‘rik, salomatlik talabi masalasi bois bizda faqatgina institutning o‘zida hujjat qabul qilinadi.

Abituriyent uchta yo‘nalishga hujjat topshirish jarayonida ikkinchi yoki uchinchi yo‘nalish sifatida Temiryo‘llar institutini tanladi, deylik. U imtihonlardan o‘tib, bizda o‘qish uchun tavsiya etilsayu, lekin salomatligi talabga javob bermasa, uni qabul qila olmaymiz. Shuning uchun nechanchi yo‘nalish qilib tanlashidan qat'i nazar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi kerak bo‘ladi. Tibbiy ko‘rikdan qabul komissiyasining yo‘llanmasi orqali o‘tkaziladi. Temiryo‘llarning markaziy poliklinikasida maxsus komissiya tuziladi, tanlayotgan yo‘nalishiga abituriyentning loyiq yoki yo‘qligi tekshiriladi. Qabul jarayoni 15 iyundan 15 iyulgacha davom etadigan bo‘lsa, tibbiy ko‘rik ham ayni shu muddatlar oralig‘ida o‘tkaziladi. Tibbiy ko‘rik abituriyentlar uchun mutlaqo bepul.

─ Institutda tashkil etilgan dron yo‘nalishi alohida qiziqish uyg‘otadi. Dron olib kirishning taqiqlanishi kodeksda belgilangan, dronni ishlatish uchun ham alohida ruxsatnoma talab etiladi. Shu nuqtai nazardan, dron bo‘yicha mutaxassis tayyorlash qiyinchilik tug‘dirmaydimi?

─ Albatta, ma'lum darajada qiyinchiligi bor. Dronni nafaqat olib kirish, saqlash, foydalanish ham jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin, yaqinda bu bo‘yicha qonunchilikda o‘zgarish bo‘ldi. Noyabrdan boshlab bu faoliyat uchun qonuniy sanksiya kuchga kiradi. Shu bois dronning real variantini ushlab ko‘rish qiyin masala. Respublikadagi geokadastr, shaharsozlik, kartografiya kabi tashkilotlar bilan hamkorligimiz bor. Ular bizning kadr iste'molchilarimiz hisoblanadi. Shu tashkilotlarga talabalar borib, dronlarni ko‘rish, tanishishi imkoniyati yaratiladi.

Bizda uchuvchi apparatlar bo‘yicha tajriba mavjud emas. Shuning uchun chet eldan o‘qituvchi mutaxassislarni jalb qilish, o‘zimizning o‘qituvchilarni stajirovkaga yuborish masalasi ko‘rilyapti. Bizdagi ikkita professor va bir nafar magistr fuqaro dronlariga ega bo‘lish ruxsatnomasini qo‘lga kiritgan. O‘quv adabiyotlarini jamlash masalasi ko‘rilyapti.

─ Dron mutaxassisligi O‘zbekiston uchun mahalliylashgan soha emas. Fakultetning ochilganiga bir yo‘l bo‘lyapti. Kelgusida dron bo‘limlari tashkil etilishi, bu sohaning rivojlantirilishi bo‘yicha reja bormi?

─ Bugungi kunda mavjud me'yoriy hujjatlarga asosan davlat, harbiy va fuqaroviy dronlarga ajratiladi. Ulardan foydalaniladigan sohalar juda keng. Mahalliylashtirish haqida gapirganda, bizning bitiruvchi talabalarimiz nafaqat dronlarni ekspluatatsiya qilish, balki ularni ishlab chiqarish bo‘yicha ham bilimga ega bo‘ladi. Ularning ichini dasturlash, qurilmaviy jihatdan loyihalashni 100 foiz o‘rganishadi. Sankt-Peterburdagi dron ishlab chiqaruvchi zavodni o‘qituvchilar ko‘rib kelishdi,texnologik jarayon to‘liq o‘rganildi. Dronlar orqali 3D modellarni yaratish tajribasi ustida ishlanmoqda.

─ Temiryo‘llar instituti asosiy buyurtmachisi bo‘lgan «O‘zbekiston temiryo‘llar» ning ilmiy bazasi ham hisoblanadi. U yerdagi o‘qituvchi mutaxassislarning ilmiy salohiyati qay darajada? O‘zbekistondagi temiryo‘llar tizimi Yevropa standartiga mos emas, sovet modelida ishlaydi, degan qarashlar ham bor. Sohadagi zamonaviy standartlarni O‘zbekistonga mahalliylashtirish imkoni bormi?

─ Ilmiy baza, albatta, rivojlangan. Temiryo‘l shunaqa tizimki, u boshqalardan ajralib rivojlanish xususiyatiga ega emas. Konsorsium, kengashlar asosida sohalarning bir-biriga bog‘liqligini ko‘rish kerak. Yevropa bilan solishtiradigan bo‘lsak, ozgina farqlanishi mumkin, lekin texnologiyalar deyarli bir xil. Misol uchun, Ispaniya korxonasining poyezdlari yuribdi. Texnologiya umumiy bo‘lsa, orada hech qanday muammo bo‘lmaydi. Yo‘lakning farqi jihatidan orada uzilishi bo‘lishi mumkin, lekin ularning texnologiyalarini biz o‘rganib kelyapmiz.

Mustaqillikning ilk davrida esa ilmda bo‘shliq paydo bo‘lgan. Oradagi ma'lum bir avlodda uzilish bo‘lgan. Ilm bilan shug‘ullanadiganlarning orasida uzilish bo‘lgan. Hozir ilm yosharmoqda. Yoshlar ilmga intilmoqda. Ilmiy salohiyatni oshirishda nafaqat ichki imkoniyatlardan, balki chet el tajribalaridan ham foydalanyapmiz. 14-15 yildan beri xorijiy oliygohlar bilan hamkorlikda kadr tayyorlanadi. Oradagi bo‘shliq yil sayin kamaymoqda.

─ Sovet davrida Markaziy Osiyo uchun ishlab chiqilgan, lekin amalga oshirilmay qolgan loyihalar mavjud bo‘lgan. Bu loyihalarni integratsiyalash masalasi nima bo‘ladi? Uzoq yillardan beri bank, moliya sohasida biz yetakchimiz deb ayta olamiz. Temiryo‘llar masalasida holat qanday?

─ Institut 1931 yilda tashkil etilgan. O‘rta Osiyoda temiryo‘lchi mutaxassisga bo‘lgan ehtiyojni qondirishni bizning institut orqali amalga oshirish maqsad qilingan. Olmaotada bizning filialimiz bo‘lgan, hozir u ajralib, akademiya darajasiga chiqqan. Tojikistonda ham filial bo‘lgan, lekin asosiy ilmiy baza bizda bo‘lgan. Bugungi kunda bizga yaqin mamlakatlardagi temiryo‘l sohasi kadrlari bizning bitiruvchilarimiz hisoblanadi. Hattoki Rossiyaning top menejmentida ham bizning bitiruvchilar bor. Institutimiz temiryo‘l transportida ilgari ham yetakchi bo‘lgan, hozir ham bu pozitsiyani saqlab turibdi. Ma'lumki, shimoldan janubga ham, sharqdan g‘arbga ham yo‘llar O‘zbekiston orqali o‘tadi. Xitoy orqali yo‘l ham, kelajakdagi Hirot ─ Peshovar yo‘lida ham biz tayyorlagan kadrlarning mehnati ishtirok etadi. Temiryo‘llar sohasi kadarlari O‘rta Osiyo bo‘yicha raqobatbardosh deb ayta olamiz. Mozori sharif yo‘nalishi bo‘ylab yo‘l qurilishida ishtirok etganlar ham biz tayyorlagan mutaxassislar sanaladi. MDH hududida ikkinchi bo‘lib 250 km/s tezlikdagi poyezdni yo‘lga qo‘yganimiz jahon miqyosida har doim e'tirof etiladi, bunga ko‘p bora guvoh bo‘lganman. Tezlikni 250 km/sga yetkazish oson masala emas, bunda faqatgina poyezd emas, to‘liq infratuzilma texnologiyasi muhim rol o‘ynaydi.

─ Institut oldida hal etilishi kerak bo‘lgan qanday masalalar qolmoqda?

─ Reyting masalasi. Ham ichki, ham tashqi reytingga katta e'tibor qaratamiz. Institutning jahon miqyosidagi raqobatbardoshligini ta'minlash rejasi tuzilgan. Reytingga kirish uchun ta'lim sifatini oshirish masalasi bor. Har yili o‘qituvchilarning 30 foizini xorijiy tillarga o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yganmiz. Imij bilan ishlash masalasi ham dolzarb bo‘lib turibdi. Xorijiy fuqarolarni o‘qitishga ham e'tibor qaratyapmiz. Chetdan juda ko‘p talabalar keladi. Temiryo‘l sohasi bo‘yicha institutning mavqei yuqori. Fundamental bilimlarga katta e'tibor beramiz. Ishga borganda fizika, mexanika, kimyodan fundamental bilimlarni bilmasa, undan hech qanday mutaxassis chiqmaydi.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Top