21:00 / 08.07.2019
25636

Putinni haqoratlagan gruziyalik teleboshlovchi ishidan chetlatildi

Gruziyaning “Rustavi 2” telekanali Rossiya prezidenti Vladimir Putinni haqorat qilgan teleboshlovchi Georgiy Gabuniyani 2 oyga ishidan chetlatdi. Bu haqda telekanal saytida ma'lum qilingan.

7 iyulda Gabuniya o‘zining mualliflik dasturi “P.S.” efirida Putin nomiga haqoratomuz so‘zlar aytgan. U Putindan tashqari, uning marhum ota-onasi sha'niga ham kurakda turmaydigan so‘zlar aytgan. 

Jurnalistning ushbu qilmishi tomoshabinlarni achchiqlantirgan va Tbilisida yuzlab odamlar telekanal binosiga kelib, boshlovchini va “Rustavi 2” bosh direktori Nika Gvaramiyani o‘z lavozimidan bo‘shatishni talab qilishgan. Keyinroq telekanal rahbariyati ushbu hodisa uchun uzr so‘ragan.

Gabuniyaning qilmishini Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili va bosh vazir Mamuka Baxtadze ham qoralagan.

Top