09:30 / 09.07.2019
3983

Moliya vazirligi davlat qarzi hisobini yuritish va monitoring qilishni avtomatlashtirmoqda

Moliya vazirligi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki va BMTning Savdo va taraqqiyot konferensiyasi (UNCTAD) hamkorligida OTBning «Investitsiya loyihalarini va tashqi qarzlarni boshqarish tizimini takomillashtirish orqali davlat idoralarining salohiyatini rivojlantirish» loyihasi doirasida davlat qarzini boshqarish va moliyaviy tahlil tizimi (DMFAS-6 dasturiy majmuasi) joriy qilinmoqda.

DMFAS-6 dasturiy majmuasi davlat qarzi hisobini yuritish, monitoring qilish va davlat qarzlarini tahlil qilish, shuningdek hisobotlarni avtomatlashtirish asosida xalqaro standartlarga javob beradigan to‘liq va kompleks ma'lumotlar bazasini yaratish imkoniyatini beradi.

Mazkur loyiha doirasida 2019 yil 17-28 iyun kunlari UNCTAD vakili Xolid Ibrohim va UNCTAD’ning mustaqil maslahatchisi Artak Marutyandan iborat missiya Moliya vazirligiga tashrif buyurdi.

Missiya davomida Moliya vazirligining davlat tashqi va ichki qarzi departamenti xodimlari uchun DMFAS-6 dasturiy majmuasi funksiyalaridan foydalanish bo‘yicha treninglar o‘tkazildi, xususan:

haqiqiy va prognozlangan ma'lumotlarni hisobga olgan holda, alohida qarz majburiyatlari vositalarini, umumiy qarz portfelini monitoring va tahlil qilish uchun zarur standart hamda foydalanuvchi hisobotlarini tayyorlash;

moliyaviy ko‘rsatkichlarni hisoblashni o‘z ichiga olgan qarzdorlik portfelini tahlil qilish (o‘rtacha foiz stavkasi, o‘rtacha so‘ndirish muddati va boshqalar); qarzdorlik stavkalari (YaIMga nisbatan qarzlar darajasi va boshqalar), qarzning sezuvchanligi, uning valuta kurslari va foiz stavkalari o‘zgarishlariga bog‘liqligi;

ma'lumotlarni ishonchliligini tekshirish bo‘yicha DMFAS-6 dasturidagi hisobotlar va mantiqiy xulosalar yordamida ma'lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tishning to‘g‘riligi, o‘z vaqtida va to‘liqligini tekshirish;

amaliy misollardan foydalangan xolda, O‘zbekiston hukumati tomonidan tashqi va ichki qarzlar bozoriga joylashtirilgan davlat obligatsiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish;

DMFAS dasturining Jyeneva shahrida joylashgan bosh shtabi tomonidan barcha foydalanuvchi tashkilotlarga ko‘rsatiladigan onlayn yordam xizmati bo‘yicha tushunchalar shular jumlasidan.

Bundan tashqari, UNCTAD vakillari tomonidan mavjud kredit shartnomalari va bir qator texnik masalalar hamda amaldagi bitimlarni ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berildi.

Mavzuga oid
Top